“UzAuto Motors” kompaniyasi “Chevrolet Cobalt” avtomobili uchun yana kontraktatsiyani ochmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

To‘lovi belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan hajmlar uchun shartnoma berish jarayoni 16-yanvar kuni kuni soat 10:00da boshlanadi hamda GX-Midnight AT modifikatsiyasi uchun amalga oshiriladi.

Avtomobillarni xarid qilish uchun shartnomalarni faqat onlayn — savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali tuzish mumkin. Kompaniya “Telegram"-boti bilan esa navbatni kuzatish hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumot olish imkoni mavjud.

Shuningdek, avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kun ichida amalga oshirilishi kerak. Murojaatlarni kompaniyaning +998 78−141−7777 raqami orqali yo‘llash mumkin.

“UzAuto Motors” 2024-yilning 22-noyabr kuni “GX-Style AT Plus” va “GX-Midnight AT” uchun shartnoma tuzishi ma’lum qilingandi. Shu kuni, 10 soat ichida mazkur modellar uchun jami 55 494ta shartnoma berilgan.

Undan keyin, 11-dekabr kuni to‘lov qilinmagan hajm qayta sotuvga chiqarildi. Kompaniya qariyb 6 soat ichida GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT uchun 22 mingtadan ortiq shartnoma tuzgan. 19-dekabr kuni navbatdagi raundi amalga oshirilib, qayta chiqarilgan hajm uchun jami 12 688ta shartnoma tuzildi.

Navbatdagi raund 2025-yilning 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi hamda shu kuni 50 mingdan ortiq avtomobil uchun shartnoma ajratildi. Shundan 80%dan ortig‘i Midnight versiyasiga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Odiljon Bastamkulov “UzAuto Motors” bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.