Prezidentning BAAga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatning tashqi va ichki ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘z kanalida ma’lum qildi.
Xususan, BAA bosh vaziri o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan o‘tkazilgan muloqotda tomonlar hamkorlikning “bir qancha muhim” masalalarini muhokama qildi.
“BAA hukumatining davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik kun tartibini ilgari surishdagi doimiy ko‘magini qadrlaymiz. Uchrashuvda ikki mamlakat aholisi uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratdik”, — deb yozadi Saidov .
Shuningdek, mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Abdulla bin Zoid Ol Nahayon bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki va ko‘p tomonlama aloqalarning eng dolzarb mavzulari, shuningdek, 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar ko‘rib chiqilgan. “Yaqin hamkorlik kundan kunga boyib bormoqda”, deya qo‘shimcha qildi vazir.
Foto: Baxtiyor Saidov / Telegram. BAA bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Abdulla bin Zoid Ol Nahayon (chapdan)
2024-yilning noyabr oyi oxirida “Wizz Air” aviakompaniyasining Toshkentdan Abu-Dabiga uchgan 5W7160 reysi bilan 31 nafar erkak tushuntirishlarsiz ushlab turildi. Ular boshqa yo‘lovchilardan ajratib olinib, pasportlari olib qo‘yilgan hamda tashrif maqsadi va davomiyligi haqida so‘roq qilingan.
Bir kundan keyin ulardan 13 nafarga yaqini Toshkentga qaytib keldi. Keyinroq boshqa reys bilan borgan boshqa erkaklar ham ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq, ularning soni noma’lum.
O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi vaziyat nazoratga olinganini bildirganiga qaramay, yo‘lovchilar diplomatik missiya vakillarini ko‘rmaganliklarini va ularga hech qanday yordam ko‘rsatilmaganini aytgan.
“Wizz Air” vakilining “Gazeta.uz"ga izoh berishicha, aeroportda qolib ketgan fuqarolarni qaytarish ishlari tashkillashtirilib, ular qaytish chiptasi bilan ta’minlangan.
Undan keyin O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi BAA bilan mazkur vaziyat ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Tomonlar holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha choralarni ko‘rishga kelishishgan.