Saudiyaning “Flyadeal” aviakompaniyasi Jidda-Namangan-Jidda yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi parvoz 15-yanvarda amalga oshirildi. 350 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan “Airbus A330” samolyoti Namangan aeroportiga mahalliy vaqt bilan soat 10:21da yetib keldi.
Jidda-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Dastlab, flyadeal 2024-yil dekabr oyidan ushbu yo‘nalishda parvozlarni boshlashi rejalashtirilgan edi. Bundan oldin aviatashuvchi Jiddadan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘ygan, shuningdek, Toshkent va Madina o‘rtasida qatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalarini e’lon qilgan edi.
14-noyabr kuni “O‘zaviatsiya” agentligi “Flyadeal” aviakompaniyasining muntazam parvozlarini amalga oshirishga ruxsat bergandi.
Ruxsatnoma O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim asosida berilgan.
“Flyadeal” aviakompaniyasi Saudiya Arabistonining milliy aviatashuvchisi Saudia kompaniyasining 2017-yilda ishga tushirilgan va loukoster modelida ishlaydigan sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya Jidda xalqaro aeroportida joylashgan va 32ta samolyotga ega.
Avvalroq “Spot” “Air Arabia” Toshkentdan Ras-al-Xaymaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida yozgandi.
Qish mavsumi uchun parvozlar 27-dekabrdan boshlanib, haftada bir marta — juma kunlari amalga oshiriladi.