“Lamborghini” yagona “Egoista” konsept avtomobilini Shveysariyalik noma’lum xaridorga rekord darajadagi $117 mlnga sotdi, deya xabar berdi “Supercar Blondie” nashri.

Bungacha eng qimmat “Lamborghini” avtomobili kimoshdi savdosida $8,3 mlnga sotilgan “Veneno” rodsteri hisoblanadi. Biroq, “Egoista” modelini sotish bo‘yicha bitim amalga oshirilganligi haqidagi ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlash imkoni yo‘qligi ta’kidlanmoqda.

“Egoista” konsepti 2013-yilda “Lamborghini"ning 50 yilligiga bag‘ishlab taqdim etilgan. Avtomobil qiruvchi samolyot kabinasiga o‘xshash oyna bilan yopilgan bir o‘rinli kokpit atrofida qurilgan. Bunda haydovchi kokpitga kirishi yoki undan chiqishi uchun avval rul chambaragini yechib olishi kerak.

Yagona nusxadagi “Lamborghini” “Egoista” 5,2 litrli V10 dvigateli bilan harakatlanadi, uning quvvati 447 kVt (608 ot kuchi)ga teng.

Dastlab “Lamborghini” avtomobilni sotishni rejalashtirmagan. So‘nggi 12 yil davomida u Sant-Agata-Bolonezdagi kompaniya muzeyida saqlangan.

Avvalroq “Lamborghini” kompaniyasi 2024-yilga kelib gibrid avtomobillar ishlab chiqarishga to‘liq o‘tishi haqida xabar berilgandi.

Kompaniyaning maqsadi karbonat angidrid chiqindilarini 50% ga kamaytirishdir. To‘rt yil ichida bunday modellarga o‘tish uchun kompaniya 1,5 mlrd yevro ajratishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq “Spot” chiqindilarda ishlaydigan birinchi avtomobil namoyish etilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, avtomobil plastik chiqindilardan qayta ishlangan sintetik yoqilg‘ida yuradi.