“Meta” kompaniyasi ishdan bo‘shatishlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, deya xabar berdi “Bloomberg” ichki xizmat xatiga tayanib.

Unda korporatsiya bosh direktori Mark Sukerberg samarali ishlash uchun “talablar me’yorini ko‘tarish” va past ko‘rsatkichli xodimlardan tezroq qutulish niyatida ekanligini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, ishdan bo‘shatishlar kompaniyaning minglab xodimlariga (tahminan 5%iga) ta’sir qiladi.

“Kompaniya odatda kutganidek ishlashga layoqatsiz xodimlar bilan bir yil ichida xayrlashsa-da, endi samaradorlik ko‘rsatkichlari asosidagi qisqartirish jarayoni yanada keng ko‘lamli bo‘ladi”, deb ta’kidladi Sukerberg.

“Metaverse” uchun muvaffaqiyatsiz bo‘lgan 2022-yildan keyin, 2023-yil “samaradorlik yili” deb e’lon qilindi. O‘shanda samaradorlikni 10 000ga yaqin ish o‘rinlarini qisqartirish orqali oshirish mo‘ljallangan edi.

Endilikda ish o‘rinlari bekor qilinmaydi — Sukerbergning so‘nggi murojaatiga ko‘ra, “past samarali” xodimlar o‘rnini boshqa xodimlar egallashi kerak. U korporatsiya oldida “murakkab yil” turganini, bu davrda sun’iy intellekt texnologiyalari, “aqlli ko‘zoynak"lar va ijtimoiy tarmoqlar kelajagini rivojlantirishga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab ogohlantirdi.

Rahbarlarga yo‘llangan maxsus xabarda aytilishicha, Meta joriy samaradorlik baholash davrining oxiriga kelib, xodimlar “qoniqarsiz” qo‘nimsizligining 10% dan oshmasligiga erishishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan yildan buyon bu ko‘rsatkich taxminan 5%ni tashkil etgani sababli, kompaniya ish samaradorligini baholash uchun yetarlicha uzoq vaqt ishlagan xodimlarning yana 5%idan voz kechishni rejalashtirmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, “Meta"da taxminan 72 ming kishi ishlayotganini hisobga olinsa (sentabr oyi ma’lumotlariga ko‘ra), bu qisqartirish 3600 nafar xodimga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Avvalroq “Spot” “Meta” “Instagram va “Facebook"dan faktlarni tekshirishni olib tashlayotgani haqida yozgandi.

Kompaniya 2016-yildan beri amal qilib kelayotgan uchinchi tomon faktlarni tekshirish dasturidan voz kechishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.