15-yanvar kuni Abu-Dabida Shavkat Mirziyoyev va BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari hamkorlik munosabatlarini, jumladan, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarni rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qildilar.
Yetakchilar iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini, jumladan sun’iy intellekt, raqamlashtirish, “yashil” energetika, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi 6 ta asosiy yo‘nalishni belgilab oldilar. Har bir soha bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Tomonlar 2025−2027 yillarni “O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri” deb e’lon qilish taklifini qo‘llab-quvvatladilar. 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga — $6,5 mlrdga ko‘paytirish va investitsiya portfelini $50 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida quyidagi hujjatlar imzolandi:
- Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya;
- Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- Moliyaviy-texnik hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- investitsiyalar, sanoat va ilg‘or texnologiyalar, adliya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, foydali qazilmalar sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida idoralararo bitimlar;
- Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Diplomatik akademiyalar o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqalar.
Avvalroq BAA bilan O‘zbekistonda yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etishga kelishilgandi. “Tadweer” kompaniyasi bilan chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha shartnoma imzolandi.