AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi Ilon Maskka nisbatan fuqaroviy jarima to‘lash va u “Twitter” aksiyalari bilan amalga oshirgan bitimlaridan nohaq olgan foydani qaytarishni talab qilib da’vo arizasi berdi, deya xabar bermoqda “Bloomberg”.

Nazorat organi ma’lum qilishicha, 2022-yil mart oyiga kelib milliarderga tegishli aksiyalar ulushi 9%ga yetgan. Shu munosabat bilan u bitim tuzilgan paytdan boshlab 10 kun ichida bu haqda ma’lumotni oshkor qilishi lozim edi.

Biroq Mask hisobotni faqat 11 kundan so‘ng taqdim etdi. Shundan keyin “Twitter” aksiyalari 27%ga qimmatlashdi.

Komissiya da’vosida ta’kidlanishicha, Mask “Twitter"dagi ulushi 5%dan oshganidan so‘ng uni oshkor qilish bo‘yicha tavsiyalarni bir necha bor e’tiborsiz qoldirgan.

Nazorat organining fikricha, bu unga “xabarsiz investorlardan aksiyalarni sun’iy ravishda pasaytirilgan narxlarda sotib olish” imkonini bergan.

Maskning advokati komissiya da’vosini komissiya asos yo‘qligi sababli “haqiqiy ish” qo‘zg‘ata olmasligini “tan olish” deb baholadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa shaxslar tomonidan xuddi shunday qoidabuzarliklar sodir etilgan hollarda nazorat organi odatda $100 ming yoki undan kamroq miqdorda “oqilona” jarima belgilashga erishadi.


Avvalroq “Spot” Ilon Mask “TikTok"ni sotib olishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, “TikTok"ning Amerika biznesi Mask egalik qiladigan “X” ijtimoiy tarmog‘iga o‘tishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.