Avvalroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Humo” to‘lov tizimini boshqaruvchi Milliy banklararo protsessing markazining 100% ulushini sotishga kelishgani haqida xabar berilgandi. Uchta da’vogardan eng yuqori narx — $65 mln taklif bilan “Paynet” g‘olib bo‘lgandi.
“Paynet” bilan “Humo"ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim 2024-yilning 25-dekabrida tuzilganiga qaramay, Davaktiv agentligi bu haqda oradan deyarli uch hafta o‘tib — 13-yanvar kuni Korporativ axborot yagona portalida rasman e’lon qilgan.
O‘tgan yilning 1-noyabr kuni “Paynet” aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida MBPMning 100% davlat ulushini sotib olish to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qilindi. Ijroiya organi “Humo” uchun to‘lov kunidagi Markaziy bank kursi bo‘yicha maksimal qiymati $65 mln bo‘lgan oldi-sotdi shartnomasini tuzishni ma’qullagan. Majburiy taklifni topshirishning oxirgi muddati etib 15-noyabr belgilangan.
Aksiyadorlar ijroiya organiga 15 mlrd so‘m miqdorida zakalat to‘lash, MBPMdagi davlat ulushini $65 mlnga sotib olish bo‘yicha Davaktivga taklif yuborish, oldi-sotdi shartnomasini imzolash va mablag‘larni “shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda” o‘tkazish topshirildi. Biroq, to‘lov muddati va tartibiga tomonlarning hech biri tomonidan aniqlik kiritilmagan.
Bitim qiymati 840,3 mlrd so‘mni ($65 mln) tashkil etdi, bu esa “Paynet"ning sof aktivlari miqdoridan (261 mlrd so‘m) uch baravar yuqoridir.
Bundan tashqari, 15-yanvar kuni “Paynet” affilirlangan shaxslar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritib, unga “Humo” to‘lov tizimi operatori — MBPMni qo‘shdi.
Dushanba kuni “Paynet” “halol raqobat tamoyillariga sodiqligini, milliy to‘lov tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishni, raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida to‘lovlarning yangi shakl va usullarini jadal joriy etish uchun ilg‘or moliyaviy va raqamli texnologiyalarni birlashtirishi"ni tasdiqladi.
Kompaniya bosh direktori Anvar Isamuhamedov biznes jarayonlarini yaxshilash, mahsulot va xizmatlar assortimentini kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish natijasida “Paynet” va “Humo” O‘zbekistonda aholi va biznes uchun “arzon, sifatli va innovatsion yechimlarni” taqdim etishini ta’kidladi.
Botir Arifjanov tomonidan 2005-yilda tashkil etilgan “Paynet” to‘lov xizmati keyinchalik “Xalq banki"ga sotildi. 2023-yilning kuzida kompaniya xususiylashtirildi, ammo ta’sischilarning o‘zgargani 2024-yilning bahoriga kelib ma’lum bo‘ldi.
Yangi egasi “New Industrial Technologies” firmasi bo‘lib, uning 40%i “Asia Alliance Bank"ning majoritar aksiyadori Mustafo Abdurahmonovga tegishli edi. May oyida “Paynet” Markaziy bankning to‘lov xizmatlariga bo‘lgan talablariga muvofiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi.
“Humo"ning xususiylashtirilishi
Iyul oyi o‘rtalarida Davaktiv agentligi “Humo"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.
Aktivni sotib olishga O‘zbekiston, Yevropa va Osiyodan 8 nafar investor qiziqish bildirgan. 6 nafar talabgor esa keyingi bosqichga o‘tdi. Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.
“Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholadi. Aniq narxni aniqlash uchun to‘lov tizimining joriy va prognozli moliyaviy ma’lumotlariga kirish zarur. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari “Spot” fintex bozori ishtirokchilari bilan “Kaspi"ning O‘zbekiston bozoriga kengayishi, “Humo” bilan kelishuv ehtimoli, to‘lov tizimini sotib olishdagi rejalar va mahalliy biznesning “Kaspi” bilan raqobatlashishga tayyorligi haqida suhbatlashgandi.