“Samsung” sun’iy intellekt yordamchisini yangilashga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deya xabar berdi “hi-tech.mail” nashri.
“YouTube"dagi yangi tizerda oldinga katta qadam bo‘lishni va’da qilayotgan yangilangan AI-assistentning imkoniyatlari ko‘rsatilgan. Bu safar gap shunchaki ovozli yordamchi haqida emas, balki bir vaqtning o‘zida ko‘plab ilovalar bilan ishlay oladigan keng ko‘lamli raqamli yordamchi haqida bormoqda.
“Samsung” sun’iy intellekt yordamchisining eng e’tiborga loyiq yangiliklaridan biri foydalanuvchi aralashuvisiz bir nechta ilovalar bilan samarali ishlash qobiliyatidir.
Qisqa videoda ayol o‘z qurilmasiga uy hayvonlari kiritish ruxsat etilgan italyan taomlari restoranini topishni buyuradi, so‘ngra sun’iy intellektdan bu haqda do‘stiga xabar yozishni va barcha ma’lumotlarni taqvimga kiritishni so‘raydi. Bu harakatlarning barchasi kechikishlarsiz va ilovalar orasida o‘tishsiz bajariladi.
Bu esa “Samsung"ning turli dasturlar va xizmatlar ishini yagona tizimga birlashtira oladigan neyron tarmog‘ini yaratganini taxmin qilish imkonini beradi.
Funksiya “Galaxy S25” tarkibiga kiradigan “One UI 7"da “Bixby” yangilanishi bilan taqdim etiladi. Flagman qurilmalar bu yaxshilanishlarni birinchi bo‘lib qabul qiladi, eskiroq modellar egalari esa ularni keyinroq sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Garchi kompaniya hozircha tafsilotlarni oshkor qilmagan bo‘lsa-da, ushbu yangilanish “Galaxy"ning oldingi modellari imkoniyatlarini ham kengaytirishi mumkin.
Yangilangan AI-assistentning asosiy xususiyatlaridan biri uning uzoq va murakkab buyruqlarni tushunish qobiliyatining yaxshilanishidir. Bu, ehtimol, yordamchiga kontekstni yaxshiroq tushunishga va foydalanuvchilarning so‘rovlariga aniqroq javob berishga imkon beradigan tabiiy tilni qayta ishlashning integratsiyalashuvi bilan bog‘liq.
Mutaxassislarning fikricha, yordamchining yangilanishi tabiiy tilni qayta ishlash imkoniyatlarini oshirish va ilovalar bilan yaxshiroq integratsiyalashuvni ta’minlash orqali global miqyosda chiqariladi.
“Samsung” “Bixby"ni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar generativ sun’iy intellekt va katta til modellari sohasidagi rivojlanayotgan tendensiyalarni inobatga olgan holda amalga oshirilganini ochiq tan olmoqda. Bu esa qurilmalar bilan o‘zaro aloqani yaxshilash va yanada tabiiyroq muloqotni yaratish imkonini beradi.
Avvalroq “Spot” “Samsung” operatsion tizimining yangi versiyasi qo‘ng‘iroqlarni o‘qiy olishi haqida yozgandi.
Endi yangi tizim telefon suhbatlarini nafaqat yozib oladi, balki ularning qisqacha mazmunini ham taqdim etadi.