“Starbucks” buyurtma bermasdan qahvaxonada bo‘lish yoki hojatxonadan foydalanishga ruxsat beruvchi ko‘p yillik siyosatini bekor qilmoqda. Bu haqda “CNN” nashri xabar berdi.

Yangi tartib 2025-yilning 27-yanvaridan kuchga kirib, Shimoliy Amerikadagi barcha tarmoq muassasalarida amal qiladi. Ushbu qaror kompaniyaning mijozlarni jalb etish va qahvaxona tajribasini yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

“Starbucks” vakili ta’kidlashicha, o‘zgarishlar doimiy mijozlar uchun yanada qulay muhit yaratishga qaratilgan.

“Xulq-atvor kodeksini joriy etish — bu tashrif buyuruvchilarimizning qahvaxonada o‘tirish yoki tashrif chog‘ida hojatxonadan foydalanish istagi bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga e’tiborimizni qaratishga yordam beradigan amaliy chora,” — deb ta’kidladi kompaniya vakili “BBC News"ga bergan sharhida.

Yangi kodeksga ko‘ra, “Starbucks” xodimlari qoidabuzarlardan muassasani tark etishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Agar tashrif buyuruvchi bu talabni bajarishdan bosh tortsa, xodimlar politsiyani chaqirishi mumkin. Tilanchilik qilish, tamaki chekish, elektron sigaret chekish va o‘zi bilan olib kelgan spirtli ichimliklarni ichish taqiqlanadi.

Qoidalar har bir kafe kirishida e’lon qilinadi. Xodimlarga kodeks buzilishiga qanday to‘g‘ri munosabat bildirish bo‘yicha maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

“Ochiq eshiklar"ning bekor qilinishi “Starbucks"ning yangi bosh direktori Brayan Nikkol tomonidan ishlab chiqilayotgan strategiyaning bir qismidir.

Bungacha Nikkol Meksikaning “Chipotle” restoranlar tarmog‘ini boshqargan va u yerda kompaniyani inqirozdan muvaffaqiyatli olib chiqqan. Hozir u Falastin (G‘azo) urushi bilan bog‘liq narxlarning oshishi va boykotlar tufayli sotuvlarning pasayishi va salbiy sharhlarning ko‘payishiga duch kelgan “Starbucks"da bu muvaffaqiyatini takrorlashga harakat qilmoqda.

“Bu o‘zgarishlar bizning qahvaxonalarimizga tashrif buyurish taassurotlarini yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli rejaning bir qismi bo‘lib, “Starbucks"ni odatdagi xizmat ko‘rsatish darajasiga qaytarish maqsadida amalga oshirilmoqda”, deya ta’kidladi Nikkol.

“Starbucks” strategiyasi doirasida mijozlarni olib ketish o‘rniga qahvaxonada qolishga rag‘batlantirishni ham rejalashtirmoqda. 27-yanvardan boshlab joyida iste’mol qilish uchun buyurtma bergan xaridorlar bepul takroriy ichimlik — issiq yoki sovuq qahvani keramik piyolalar yoki ko‘p martalik stakanlarda olishlari mumkin bo‘ladi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar faqat Shimoliy Amerikadagi qahvaxonalarga taalluqli. Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida mijozlar ilgarigidek, xarid qilish majburiyatisiz, hojatxonalardan foydalanishlari va qahvaxonada qolishlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” Turkiyada 500dan ortiq “KFC” va “Pizza Hut” restoranlari vaqtincha yopilishi haqida yozgandi.

Mazkur tarmoqlarga egalik qiluvchi “Yum! Brands” kompaniyasi yopilishga franshizaning bekor qilinishi, mahsulotlar sifatidagi muammolar va daromadlarning kamayishini sabab qilib ko‘rsatdi.