2024-yilda O‘zbekiston aeroportlari 13,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, bu esa 2023-yilga nisbatan 30% ko‘pdir. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

2024-yil yakuni bo‘yicha mamlakat xalqaro aeroportlari tomonidan 113 622ta reysga xizmat ko‘rsatildi. Ularning 80 213tasi xalqaro yo‘nalishlarda, 33 409tasi esa ichki yo‘nalishlarda amalga oshirilgan. 2023-yilga nisbatan o‘sish 33%ni tashkil etdi.

Yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston aeroportlari 13 mln 503 ming 199 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Jumladan, ichki reyslarda 2 mln 480 ming 359 nafar, xalqaro reyslarda 11 mln 22 ming 840 nafar yo‘lovchi. 2023-yilning shu davriga (10 mln 409 ming 609) nisbatan o‘sish 30%ni tashkil etdi.

Yo‘lovchilar oqimining asosiy qismi Toshkent aeroportiga to‘g‘ri keldi — jami 8,71 mln kishi bo‘lib, bu umumiy sonning deyarli uchdan ikki qismini tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda Samarqand (1,38 mln) va Namangan (759,8 ming kishi) aeroportlari joylashgan.

O‘tgan yil davomida rezident aviakompaniyalar 73969ta reysni amalga oshirdi va 8 mln 735 ming 996 yo‘lovchini tashidi.

Yil davomida xorijiy aviakompaniyalar tomonidan 39 653ta reys amalga oshirilib, 4 mln 767 ming 203 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi.

Yuk tashish sohasida 2024-yilda 87 461 tonna yuk va pochta tashildi, bu 2023-yilgi ko‘rsatkichdan (71 314 tonna) 23%ga ko‘pdir.

Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekiston aeroportlariga to‘qqizta yangi yo‘lovchi aviakompaniyalari jalb etilgan. Bular, Ispaniyaning “World2Fly” va “IberoJet” aviakompaniyalari, Vengriyaning “WizzAir”, “Malaysian Batic Air”, Polshaning “LOT Polish Airlines”, Qatarning “Qatar Airways”, Turkiyaning “Ajet”, Qirg‘izistonning “TezJet” va Arabistonning “FlyAdeal” avikompaniyalaridir.


Avvalroq “Spot” “Jetex” O‘zbekistonda havo taksilarini yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.

BAA kompaniyasi mamlakatda aerotaksi va VIP taksi xizmatlarini joriy etadi."Toshkent-Sharqiy" aeroportida DXSh asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.