Londondagi Nyuxem tumanida joylashgan Kamberlend jamoat maktabi (Cumberland Community School) ijtimoiy tarmoqlardan voz kechish bo‘yicha innovatsion dastur tufayli o‘quvchilar bilim darajasining sezilarli o‘sishiga erishdi.
2023-yilda maktab ma’muriyati GCSE imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish davrida o‘quvchilarga “TikTok”, “Snapchat” va “Instagram” ilovalarini o‘chirib qo‘yishni taklif qildi, ba’zi o‘quvchilar esa smartfonlardan butunlay voz kechdilar.
Qayd etilishicha, bu yondashuv shunchalik samarali bo‘ldiki, maktab keyingi o‘quv yilida tajribani yana takrorlab, yanada yuqori natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Dastur joriy etilgandan so‘ng o‘quvchilarning o‘zlashtirishida bir ball va chorak miqdorida o‘sish kuzatildi va bu maktabni Buyuk Britaniyadagi eng yaxshi maktablar qatoriga olib chiqdi.
Bugungi kunda GCSE imtihonini topshirayotgan o‘quvchilarning 62%i ingliz tili va matematikadan kamida 5 baho olmoqda, bu esa mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 16%yuqoridir.
“O‘quvchilar chalg‘ituvchi omillardan voz kechgach, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishga to‘liq e’tibor bera olishdi. Bu ularning muvaffaqiyatining kaliti bo‘ldi”, — dedi maktab direktori Ehlos Rahmon.
Dastur doirasida o‘quvchilar ikki oygacha bo‘lgan muddatda telefonlarini xodimlarga topshirib, ularning o‘rniga qo‘shimcha darslar va o‘tilgan mavzularni takrorlash mashg‘ulotlariga qatnashdilar.
Bunday yondashuv raqamli ko‘ngil ochishlarning o‘quvchilar diqqatiga ta’sirini kamaytirib, ularning o‘qishga to‘liq e’tibor berishlariga imkon yaratdi.
Avvalroq “Spot” odamlar nimani tomosha qilishni tanlash uchun 110 soat vaqtini izlanishga sarflashi haqida yozgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, hozir film yoki oddiy videoni tanlash 10 yil oldingiga qaraganda qiyinlashgan — kontent juda ko‘payib ketgan. Aqlli algoritmlar esa ekranni keraksiz videolar bilan to‘ldirib tashlamoqda.