Estoniyaning mobillik va yetkazib berish xizmati “Bolt” O‘zbekistonda o‘zining bek-ofisini ochishi mumkin. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

14-yanvar kuni texnopark bosh direktori Farhod Ibragimov hamda kompaniyaning jamoatchilik va davlat organlari bilan aloqalar bo‘limi rahbari Yuliya Malich o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

Unda tomonlar hamkorlik istiqbollari, O‘zbekistonda startaplar ekspertizasini oshirish va texnologiyalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ta’kidlash joizki, “Bolt” kompaniyasi mobillik va yetkazib berish bozorida eng yirik xalqaro ishtirokchilardan biridir.

“Bolt” hozirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirmoqda. Malich kompaniyaning Raqamli rivojlanish vazirligi va boshqa davlat organlari bilan hamkorligidan manfaatdor ekanligini qayd etdi.

“IT Park” vakillari kompaniya dasturiy ta’minotini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatda “Bolt"ning potensial bek-ofisini ochishni taklif qildilar. Farhod Ibragimov texnopark zarur resurslar, jumladan, xodimlarni tanlashda yordam ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi.

Yuliya Malich mintaqa “ustuvor ahamiyatga ega” ekanligini ta’kidlab, aholining tez o‘sishi, yosh mutaxassislarning ko‘pligi va raqamli texnologiyalar yangi investitsiyalar va innovatsion yechimlarni ishlab chiqishda mamlakatni “jozibador qilayotgani"ni qayd etdi.

Shuningdek, tomonlar qo‘shma tadbirlar, xususan, xizmat mutaxassislari tomonidan mahorat darslarini o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar. Texnopark hamkorlik mamlakatda texnologik bilim darajasini oshirish va startap ekotizimini yaxshilashga xizmat qilishiga ishonmoqda.

Kompaniya haqida

Bolt” 2013-yilda Estoniyada tashkil etilgan va 2019-yilgacha “Taxify” nomi ostida faoliyat yuritgan. Kompaniya Yevropa va Afrikaning 50 dan ortiq mamlakatida (600 dan ortiq shahar) 200 mlndan ziyod mijozga ega. Super ilova taksi xizmatlari, karshering, individual mobillik vositalari (elektr samokatlar) ijarasi, shuningdek, “Bolt Food” ovqat va mahsulotlarni yetkazib berishni o‘z ichiga oladi.

Avvalroq BAAning “Binghalib” kompaniyasi biznesining bir qismini O‘zbekistonga o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.