Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalarni jalb etish va eksportni oshirishga qaratilgan vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Prezident investitsiya loyihalarida mahalliy komponentlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Bu yangi ish o‘rinlari yaratilishi, valyuta tejalishi va yondosh sohalar rivojlanishini ta’minlaydi.
Viloyat hokimlariga har oy tadbirkorlar bilan yarmarka o‘tkazib, o‘zida yangi-yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
$75 mlrdlik yirik investitsiya loyihalarining $28 mlrdini mahalliy mahsulotlar orqali qoplash mumkin. Mutasaddilarga tarmoqlar va viloyat hokimlari bilan birgalikda tuman va korxonalar kesimida 2025-yilda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi.
Shuningdek, ilg‘or korxonalar mustaqil ravishda tashqi bozorlarga chiqib, to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ olib kelishni boshlagani qayd etildi.
Savdo-sanoat palatasida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilindi. Yil yakunigacha kamida 200 ta tadbirkor xalqaro moliya bozoridan $2 mlrd jalb qilishga tayyorlanadi.
Bu yil OKMK $1 mlrd, NKMK $500 mln, “Navoiyuran” va “O‘zmetkombinat” har biri $300 mlnlik yevrobond joylashtirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xalqaro reyting olib, tashqi bozordan jami $700 mln olib kelishi muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, prezident joriy yil uchun $2 mlrd grant olish bo‘yicha har bir vazirlik, tarmoq va hududlarning rejalarini shakllantirishni topshirdi.
2024-yilning dekabr oyida davlat rahbari huzuridagi taqdimotda “Uzbekistan Airways” kompaniyasining tashqi bozorga chiqishi kechikayotgani qayd etilgandi.
Dekabr oyida Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati ilk bor xalqaro bozorda yevrobond joylashtirib, $1 mlrd arzon resurs jalb qilgani ta’kidlandi.