Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida sinov tarzida “ijtimoiy karta” berila boshlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifaga mansublik tasdig‘i hisoblanadi. Kartalarni taqdim etish bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi shug‘ullanadi hamda ularni moliyaviy agent — rezident banklar muomalaga chiqaradi.
Bunda 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordam va 200 ga yaqin imtiyoz yagona elektron tizimga umumlashtiriladi. Uning doirasida har bir oila ehtiyoji va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasporti” joriy etilishi rejalashtirilgan.
Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi. “Ijtimoiy karta” namunasi
“Ijtimoiy karta"larni olish uchun arizalar Yagona portal, “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi, “Inson” ijtimoiy xizmat markazlari orqali qabul qilinadi. Belgilangan toifaga kiruvchi fuqarolarga kartalar bepul beriladi.
Bunda kartalar uch ish kunida beriladi hamda uning amal qilish muddati tugamasidan oldin kartalar yaroqsiz holga kelsa yoki yo‘qotilsa, pulli asosda almashtirib beriladi. Virtual kartalar esa barcha fuqarolarga bepul taqdim etiladi. Ularni mobil ilova orqali real vaqt rejimida olish mumkin bo‘ladi.
Imtiyozga ega bo‘lmaganlardan ijtimoiy karta olishda bank xizmatlari uchun BHMning 10%i (37,5 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi. Yordamga muhtoj shaxslarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi kartalarni kamida 15 kun ichida bepul yetkazib beradi.
Ijtimoiy kartalarning joriy etilishi
O‘zbekistonda “ijtimoiy karta"lar joriy etilishi haqida birinchi marta davlat rahbari 2024-yilning fevralida ma’lum qilgandi. O‘shanda tizimning birinchi bosqichi 1-oktabrdan ishga tushirilishi aytilgandi.
Iyul oyida bunday kartalar 2025-yildan mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi belgilandi. Mazkur karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifani bildiradi. Ijtimoiy nafaqa va yordamlar karta orqali ko‘rsatiladi.
Davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori bilan 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “Ijtimoiy karta” orqali taqdim etilishi belgilangandi.
Shu bilan birga, bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash karta orqali amalga oshirilishi ko‘zlangandi.
Dekabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tizim 2025-yilning 1-iyuligacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Mamlakatning barcha hududlarida esa yil yakunigacha ishga tushiriladi.