Avvalroq “UzAuto Motors” 16-yanvar kuni Chevrolet Cobalt avtomobili uchun kontraktatsiyani qayta ochishi haqida xabar berilgandi.
Payshanba kuni to‘lovi belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan hajm uchun to‘rt soatdan ortiq vaqt davom etgan shartnoma berish jarayoni yakunlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, bu kuni faqat GX-Midnight AT modifikatsiyasi uchun jami 40 010 ta shartnoma tuzildi. Bunda uning 99%dan ortig‘i — 39 872 tasi “One-ID” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar, 138 tasi esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Kontraktatsiya jarayonida kompaniya Call-markaziga 850 nafar mijoz murojaat qilgan. Kompaniya fuqarolardan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishlarini, e’lonlar sayti va boshqa servislar orqali “shartnoma sotib olish” bo‘yicha shubhali takliflarga rozi bo‘lmasliklarini so‘ramoqda. “UzAutoSavdo” platformasida xaridor yoki diler mijoz ma’lumotlarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega emas.
Bundan oldin, joriy yilning 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan shartnoma berish jarayonida 50 mingdan ortiq avtomobil uchun shartnoma ajratilgandi. Shundan 80%dan ortig‘i — 40 762 tani Midnight versiyasi uchun tuzilgan shartnomalar tashkil etadi. Bundan ko‘rinadiki, avvalgi kontraktatsiyada olingan shartnomalarning atigi 752tasi uchun to‘lov amalga oshirilgan.