O‘zbekistonda paxta yetishtiruvchi fermerlar uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi. Bu haqda 16-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unda tashqi bozordagi kuchli raqobat, logistikadagi qiyinchiliklarga qaramasdan, bu yil eksportni $30 mlrddan oshirish kerakligi qayd etildi.
To‘qimachilik, elektrotexnika kabi tarmoqlar imkoniyati to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Kreativ yondashuvlardan foydalanib, bu tarmoqlar eksportini 2−3 karra oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi. Mazkur tarmoqlarni rivojlantirish, eksportga ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlandi.
Xususan, eksportchilarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun alohida Faktoring tashkiloti ochilib, unga $100 mln ajratiladi. Korxonalarning xalqaro sertifikat talablariga moslashish xarajatlarining $20 minggacha qismi qoplab beriladi.
Rivojlanish va tadqiqot markazlari uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi. Mahalliy mahsulotlarni xalqaro marketpleyslarga chiqarishga $2 mln yo‘naltiriladi.
Mutasaddilarga har bir tarmoqning tashqi bozorlardagi imkoniyatini tahlil qilib, uch yillik eksport strategiyasini ishlab chiqish topshirildi
Bundan tashqari, paxta yetishtirish va qayta ishlashda qo‘shimcha bozor mexanizmlari joriy qilinishi belgilandi. Xususan, 2025-yildan klasterlar paxtaga talabi va narx taklifini birjaga qo‘yadi, fermerlar esa o‘ziga ma’qulini tanlab, fyuchers shartnomasini tuzadi.
Imtiyozli kredit olmay, o‘zi paxta yetishtirgan fermerlarga birjada sotgan paxtasining 10%i miqdorida subsidiya beriladi. Imtiyozli kreditni yil yakunigacha to‘liq qaytargan fermerlarga esa kreditning 4%i qaytarib beriladi. Shu bilan birga, bu kredit foizi 6%ga tushiriladi. Amalda 10%ni tashkil etadi.
2024-yilning sentabr oyida hukumat paxtaning minimal narxlarini belgiladi. Barcha birja shartnomalarida bir tonna uchun minimal narx 6,8 mln so‘m miqdorida qayd etildi.
Tovar-xom ashyo birjasida bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi 7,8 mln so‘m etib belgilandi. Fermer va klasterlar paxtani jahon bozoridagi paxta tolasi kotirovkalaridan kelib chiqib bog‘langan mazkur narxdan pastroq sota olishmaydi.
Prezident 2023-yilning dekabrida paxta yetishtirish tizimini isloh qilishni tasdiqlagandi. 2024-yilgi hosildan fermerlar o‘z hududidagi klasterdagi eng yuqori narx taklifi bilan fyuchers shartnomalarini tuza boshladi. Boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxidan kelib chiqib belgilanishi kerak edi.