Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalarni jalb etish va eksportni oshirishga qaratilgan vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Bu yil 27 ta tuman hokimi investitsiyani $200 mlndan oshirishi kerak. Mirishkor, Ko‘kdala, Boyovut, Bandixon, Uzun, Sherobod, Bekobod, Toshkent, Rishton, Gurlan tumanlari hokimlarining rejasi $40 mlnga yetmasligi aytildi. Mutasaddilarga yangi loyihalar paketini shakllantirib, kamida $100 mlnlik rejani tasdiqlash topshirildi.

So‘nggi yetti yilda kiritilgan $120 mlrd investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushdi. Tahlillar jalb qilingan har $1 ming investitsiya yiliga o‘rtacha $530 qo‘shilgan qiymat yaratishini ko‘rsatmoqda.

Tog‘-kon sanoatida bu ko‘rsatkich $700 ga yetgani sababli sohaga Germaniya, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlardan investorlar kirib kelishni boshladi.

“O‘zbekneftgaz”, “O‘zmetkombinat” va qurilish materiallari tarmog‘ida investitsiya samaradorligi boshqa tarmoqlarga nisbatan 2 barobar past ekanligi aytildi. Investitsiya hisobiga qo‘shilgan qiymat Sirdaryoda mamlakat ko‘rsatkichidan 3 barobar, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda 2 barobar kam.

230 ta tadbirkorning bojxona omborlarida uzoq muddatdan buyon saqlanayotgan $120 mlnlik uskunalari egalariga yetkazildi. Lekin yana 105 ta tadbirkorning $110 mlnlik uskunalari omborlarda turibdi. Mutasaddilarga ularni yetkazib berish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash topshirildi.

Bu yil xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan $5,2 mlrdlik ishlar bajarilishi rejalashtirilgan. Investitsiyalarni o‘zlashtirishda haligacha byurokratiya ko‘pligi tanqid qilindi.

Bosh vazir boshchiligida moliya institutlari bilan ishlash bo‘yicha alohida Favqulodda shtab tashkil qilinadi. Shtab har bir loyihani ichiga kirib, aniq ishlarni amalga oshiradi, har hafta loyihama-loyiha muhokama o‘tkazadi.

Joriy yilda YTTB bilan $1,1 mlrd, Islom taraqqiyot banki bilan esa $1 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish belgilangan.

Mutasaddilarga ular bilan yaqindan ishlash va tumanma-tuman yurib, tadbirkorlar bilan davlat kafolatisiz qilish mumkin bo‘lgan loyihalarni ko‘paytirish topshirildi. Ularga aniq mas’ullar biriktiriladi, mablag‘ jalb qilishda tadbirkorlarga ko‘maklashiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda investitsiya bo‘yicha yangi nazorat tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.