Hududlarda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Yangiobod tumani bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” Jizzax viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda “A.S.” MCHJ mas’ul shaxslari “Mustaqillik” ko‘chasidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida gaz tarmog‘iga gaz hisoblagichdan tashqari ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 192,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Zangiota tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvda aniqlanishicha fuqarolar M.O. va M.X. yashash xonadonlarida past bosimli umumiy foydalanishdagi gaz quvuriga yashirincha shlang yordamida ulanib olgan.

Buning natijasida esa jami 151,7 so‘mlik tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Beruniy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro Yu.N. yashash xonadonida gaz tarmog‘iga shlang yordamida to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.

Tekshiruvda jami 126,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.

Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan ham shunday tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro R.N. o‘ziga tegishli turar-joy binosida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 111,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Samarqandda 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Toyloq tumanida oilaviy korxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.