Yevropa Ittifoqining o‘nta mamlakati Rossiyadan barcha gaz importini imkon qadar tezroq to‘xtatishni taklif qildi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mamlakatlar Rossiyaning har qanday gazini — quvurli va suyultirilgan gazni import qilishni taqiqlashni taklif qilmoqda.
To‘liq taqiqning muqobili sifatida 2022-yilda Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan “RePowerEU” strategiyasiga muvofiq importni bosqichma-bosqich kamaytirish taklif etilmoqda.
Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 2027-yilga kelib Rossiya gazidan butunlay voz kechib, boshqa yetkazib beruvchilarga o‘tishi hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishi ko‘zda tutilgan. Biroq hujjat mualliflari bu jarayonni imkon qadar tezlashtirishni talab qilmoqdalar.
Hujjatni Litva, Latviya, Estoniya, Daniya, Chexiya, Polsha, Ruminiya, Shvetsiya, Irlandiya va Finlyandiya imzoladi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarning navbatdagi, 16-paketini tayyorlamoqda. Uni fevral oyi oxirida — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini boshlanganining uch yilligi arafasida e’lon qilish rejalashtirilgan.
Yevropa Ittifoqi allaqachon Rossiya gazini dengiz orqali yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygan, ammo ayrim Yevropa mamlakatlari, xususan Slovakiya va Vengriya, gazga qaram bo‘lganligi sababli quvur orqali keladigan gazdan to‘liq voz kecha olmadi.
Ushbu mamlakatlar hukumatlari Yevropa Ittifoqining sanksiyalar siyosatini bir necha bor keskin tanqid qilib, Kreml bilan munosabatlarni yaxshilashga chaqirdi.
Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Utair” aviakompaniyasi va “PIK” quruvchi kompaniyasi Yevropa Ittifoqining 15-sanksiyalar paketiga kirgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, 30ta kompaniya va 54ta jismoniy shaxs, jumladan, Xitoy va KXDRning to‘qqiz nafar fuqarosi va kompaniyalari cheklovlarga uchradi.