O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi “Spot” so‘roviga javoban ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan respublikaga mobil qurilmalarni olib kirishda majburiy deklaratsiya to‘ldirish haqidagi ma’lumotlarga izoh berdi.
“Telegram"dagi Kurbanoff.net kanali xabar qilishicha, telefon IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nafaqat chet elda bo‘lish, balki telefonni bojxonada deklaratsiyalash ham talab etiladi.
“Demak, endi saytda ro‘yxatdan o‘tish paytida bojxona ma’lumotlar bazasidan ma’lumot qidiriladi. Agar ma’lumotlar bazasida telefonning ma’lumotlari mavjud bo‘lmasa, uning bojxona qiymatining 30%ini tashkil etuvchi bojxona boji to‘lanishi shart bo‘ladi,” — deb yozgan muallif.
Xususan, bloger Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentyabrdagi qarorining 29−1-bandiga havola qilmoqda. Ushbu qaror sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga taalluqlidir.
2024-yil 28-yanvardan kuchga kirgan hujjatdagi o‘zgartirishlarga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan telefonlar olib kirilganda, bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadigan tovarlarni olib kirishning cheklangan me’yorlaridan qat’i nazar, deklaratsiya to‘ldirilishi shart.
Fuqarolar va chet el fuqarolari har safar chegaradan o‘tganlarida havo bandargohlari orqali ikkita uyali telefonni bojxona to‘lovisiz olib kirishlari mumkin. Bunda, ularning umumiy qiymati $2000dan oshmasligi lozim (poyezdda — $1000gacha, avtomobilda — $300gacha). Agar qurilmalarning qiymati belgilangan miqdordan oshib ketsa, limitdan ortiq summa uchun 30% miqdorida boj to‘lovi undiriladi.
Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifining ta’kidlashicha, nizom yanvar oyida kuchga kirganiga qaramay, 2024-yil 20-dekabrdan boshlab qo‘llanila boshlangan.
Raqamli texnologiyalar vazirligining ta’kidlashicha, o‘zgartirishlar Vazirlar Mahkamasining qarorida ko‘rsatilganidek, o‘tgan yilning boshida kuchga kirgan. Noyabr oyi boshida Bojxona qo‘mitasi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda deklaratsiyalanmagan qurilmalarni aniqlash uchun UzIMEI tizimini integratsiya qilish yakunlangani haqida xabar bergan edi.
Bojxona qo‘mitasi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda kerak bo‘ladigan deklaratsiyani telefonlarni olib kirishda to‘ldirishga va bepul olib kirish miqdoridan oshib ketadigan qurilmalarni yashirmaslikka chaqirdi.
“Agar UzIMEI tizimida olib kirilgan telefonning bojxona deklaratsiyasi haqidagi ma’lumot bo‘lmasa, qurilma qiymatining 30%i miqdorida bojxona to‘lovini to‘lash kerak bo‘ladi. Shundan so‘nggina qurilma ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu jarayon yakunlanmaguncha telefondan foydalanish mumkin bo‘lmaydi,” — deya ta’kidlangan Bojxona qo‘mitasi xabarida.
Bundan tashqari, qo‘mita bozorlarda, savdo shoxobchalarida yoki internet-do‘konlarda telefon xarid qilayotganda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirishni tavsiya etdi. Agar qurilma ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, xaridorlar bojxona to‘lovlarini o‘zlari to‘lashga majbur bo‘ladilar. Savollar tug‘ilganda 1108 raqamiga murojaat qilish mumkin.
Raqamli texnologiyalar vazirligi “Spot” so‘roviga javob berib, telefonlarni olib kirishda fuqarolar bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish uchun qizil yo‘lakdan o‘tishlari zarurligini tushuntirdi. Agar qurilma deklaratsiya qilinmasa, uni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi. Bunday holda, bojxona organlariga murojaat qilib, bojxona to‘lovlarini to‘lash kerak bo‘ladi.
Avvalroq “Spot” Toshkent aeroportida IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish shoxobchasi ochilgani haqida yozgandi.
Uchib keluvchilar xorijda foydalanilgan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.