O‘zbekistonda investitsiya bo‘yicha yangi nazorat tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida qayd etildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
2024-yilda mamlakatda YIM 6,5%ga oshib, $115 mlrdga yetdi, xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, $34,9 mlrdni tashkil qildi. Qiymati $10 mlrdlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushdi, eksport ilk bor $27 mlrdga chiqdi.
O‘tgan yili 50 ta tumanga $100 mlndan ko‘p sarmoya kirib keldi. 2023-yilda bunday tumanlar 11 ta edi. Davlatobod, Yangi Namangan, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlarida investitsiyalar $300 mlndan oshgan. Tog‘-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xo‘jaligida reja 2 karra ortig‘i bilan bajarildi.
Yetarli sharoit bo‘la turib, investitsiya rejasi to‘qimachilikda $17 mlnga kam bajarilgani, investitsiya “O‘ztransgaz” va “O‘zmetkombinat"da 2 barobar, “O‘zsuvta'minot"da 20%ga pasaygani ko‘rsatib o‘tildi. Ularning rahbarlari shu yil birinchi chorakda o‘zgarish qilmasa, faoliyatiga baho berilishi haqida qattiq ogohlantirildi.
Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Davaktiv, Farmatsevtika va O‘rmon xo‘jaligi agentliklarida grant olib kelish rejasi 25%gacha bajarilmagani, Qurilish, Transport, Madaniyat vazirliklari, Turizm qo‘mitasi olib kelgan granti $10 mlndan past bo‘lgani tanqid qilindi.
Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Transport, Sport, Oliy ta’lim, Madaniyat, Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi, Raqamli texnologiyalar, Qurilish vazirliklarining investitsiya va grant olib kelishi bor imkoniyatlarga mutlaqo mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. 2024-yilda Fransiya, Yaponiya, Italiya, Vengriya, Malayziya, Ispaniyadan kelgan investitsiya hajmi $100 mlnga yetmasligi qayd etildi.
O‘tgan yili Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot tumanlarida investitsiya $15 mlnga yetmagani qayd etildi. Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod va Guliston tumanlari, Ohangaron shahrida eksport kamaygan. Bu 16 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.
Hududida investitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi.
Endilikda investitsiya bo‘yicha yangi nazorat tizimi joriy etiladi. Bunda bosh vazir Abdulla Aripov 2025-yilgi $42 mlrd xorijiy investitsiya bo‘yicha oyma-oy rejani tasdiqlaydi. Shu bilan birga, viloyat, shahar va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari haftada ikki kun investitsiya bilan shug‘ullanadi.
Mutasaddilar tinmay hududlarga borishi, tadbirkorlar bilan uchrashishi, masalasini joyida hal qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda $43 mlrdlik investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Natijada 300dan ortiq loyiha amalga oshirilishi, import o‘rnini bosuvchi 662ta yangi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.