“MrBeast” (asl ismi Jimmi Donaldson) nomi bilan tanilgan amerikalik bloger “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ining AQShdagi bo‘linmasini sotib olishni taklif qildi. U bu haqda o‘zining “X” (ilgari Twitter) ijtimoiy gi sahifasida yozib qoldirdi.

14-yanvar kuni bloger sahifasida shunday deb yozdi: “Mayli, bo‘pti, men „TikTok“ taqiqlamasliklari uchun sotib olaman”.

“Behazil aytganda, bu tvitni yozganimda ko‘plab milliarderlar menga murojaat qildi. Ko‘raylik-chi, buni amalga oshira olamizmi?”, deya keyingi postini joylashtirdi bloger.

mrbeast, tiktok

Reja — AQShda taqiqlanib qolmasligi uchun “TikTok"ni 2025-yil 19-yanvargacha sotib olishga ulgurishdir. Mamlakat bo‘ylab bu ilovaning 170 mlndan ortiq foydalanuvchisi bor, shu sababli bu ishonchli sarmoya hisoblanadi.

“Forbes USA” xabar berganidek, Jimmi Donaldsonning video roliklari odatda $1,5 mlndan $3 mlngacha byudjetga ega bo‘lib, ularda u pul uchun turli xil sinovlar o‘tkazadi.

Masalan, u o‘z obunachilarga lazer signalizatsiyasi bilan qo‘riqlanadigan omborxonadan olmos o‘g‘irlashni yoki dala o‘rtasida chizilgan doira ichida 100 kun davomida turishni taklif qilgan. 2024-yilda nashr uning boyligini $85 mlnga baholab, “MrBeast"ni dunyodagi eng boy bloger deb e’tirof etgan.


14-yanvar kuni “Bloomberg” agentligi Xitoy “TikTok"ning AQSh bo‘linmasini Ilon Maskga sotishni ko‘rib chiqayotgani haqida manbalarga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, agar kompaniya AQShda ilovaning taqiqlanishiga e’tiroz bildira olmasa, bu sodir bo‘lishi mumkin.

Keyinchalik “TikTok” bu ma’lumotni rad etdi. “Bizdan sof uydirma haqida izoh berishimizni kutish mumkin emas,” — deya ta’kidladi kompaniya.

2024-yil 14-dekabr kuni AQSh Vakillar palatasi qo‘mitasi a’zolari “Google” va “Apple” kompaniyalari bosh direktorlariga 19-yanvar kuni AQShdagi o‘z ilovalar do‘konlaridan “TikTok"ni olib tashlashga tayyor turishlari zarurligini ma’lum qilishdi.

Undan bir hafta oldin esa AQSh apellyatsiya sudi mamlakatda “TikTok"ni sotishni talab qiluvchi qonunni qo‘llab-quvvatlagandi.

Qayd etilishicha, qonun Xitoyning “ByteDance” kompaniyasidan mamlakatda xizmatni sotishni talab qiladi. Agar kompaniya bitimga kirishni istamasa, xizmat bloklanadi.

Respublikachi vakil va qo‘mita raisi Jon Mulenaar hamda qo‘mitaning yetakchi demokrati, vakil Raja Krishnamurti, 170 mln amerikalik foydalanayotgan ilovani sotishni “TikTok” bosh direktori Shou Szi Chudan talab qilishdi.

Adliya vazirligi chorshanba kuni agar taqiq 19-yanvarda kuchga kirsa, uni allaqachon yuklab olgan “Apple” yoki “Google” foydalanuvchilari tomonidan “TikTok"dan keyingi foydalanishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlamasligini aytdi. Biroq, qo‘llab-quvvatlashni taqiqlash oxir-oqibat ilovani ishlamaslikka olib keladi.

“ByteDance” kompaniyasi sud qarorisiz qabul qilingan qonun 19-yanvarda “TikTok"ni mobil ilovalar do‘konlaridan yo‘qolishiga olib kelishini ma’lum qildi.

Bu esa, mamlakatning hali ilovadan foydalanmayotgan yarmi uchun uni kirish imkoniyatini yo‘qotadi. “TikTok” ogohlantirganidek, qo‘llab-quvvatlashning to‘xtatilishi platformaning AQShdagi faoliyatini izdan chiqaradi va uni butunlay foydalanishga yaroqsiz holga keltiradi.

TikTokning bloklanishi

AQSh prezidenti Jo Bayden 24-aprel kuni “TikTok"ni blokirovka qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.

Tegishli qonun loyihasi 13-mart kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan. Kongressmenlarning fikricha, xitoylik kompaniya tomonidan amerikalik foydalanuvchi ma’lumotlarining to‘planishi milliy xavfsizlikka tahdid soladi.

“Ushbu qonun 2025-yil 19-yanvargacha “TikTok"ni cheklab, platformadan muloqot qilish uchun foydalanadigan 170 mln amerikalikning ovozini o‘chiradi”, deydi “ByteDance” vakillari.

“TikTok” kompaniya amerikalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini baham ko‘rganini yoki bo‘lishishni rad etadi va AQSh qonun chiqaruvchilarini “spekulyativ” xavotirlarni ko‘tarishda ayblaydi, deya ta’kidlaydi “Reuters”.

Avvalroq Qirg‘izistondagi internet-provayderlar “TikTok"ga kirishni cheklay boshlagani haqida xabar berilgandi.

Bunga mamlakatda bolalar salomatligi, ularning intellektual, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishining oldini olish bo‘yicha qonunga rioya yetmagani asos bo‘lgan.

Keyinchalik Qozog‘iston ham “TikTok"ni blokirovka qilish imkoniyatlarini o‘rganayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mamlakat madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva platforma orqali firibgarlik, yolg‘on ma’lumot tarqatish va bezorilik holatlari ko‘payganini qayd etdi.