Shavkat Mirziyoyev BAA rasmiy tashrifi doirasida 15-yanvar kuni Dubayda mamlakat vitse-prezidenti, bosh vaziri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash kabi sohalarda faol muloqotlar va samarali hamkorlik olib borilayotgani qayd etildi.
Yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishildi. BAAdagi sheriklar bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasida yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi.
“Dubayning ilg‘or yechimlarini shaharsozlik sohasiga, jumladan, “Yangi Toshkent"da zamonaviy infratuzilmani yaratish doirasida joriy etishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.
Tomonlar faol muloqotni davom ettirish va amaliy sheriklikning barcha yo‘nalishlarida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
2024-yilning dekabr oyida prezident “Yangi Toshkent” shahridagi transport infratuzilmasi va muhandislik tarmoqlari qurilishi bilan tanishdi. Transport qatnovi uchun 14ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlarini qurish, barcha muhandislik tarmoqlarini yer tagidan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Vazirlik va idoralarning vaqtinchalik ma’muriy binolari uchun hududda yengil konstruksiyalardan 4ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgan. Ofislar “open space” uslubida bo‘lib, har birida 250 nafargacha xodim faoliyat yuritishi mumkin.
“Yangi Toshkent” qurilishi
Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent"ning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.
May oyida “Cross Works” kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida esa hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.
Hududdan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 6 km.ga yaqin qismida dam olish hududi barpo etiladi. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.
O‘tgan yilning oktabr oyida “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov “Yangi Toshkent"ning birinchi tumanidagi qurilish ishlari 6−10 yil ichida yakunlanishini “Spot"ga ma’lum qilgandi.