Moskvadagi “Filatov” konstruktorlik byurosi Rossiyaning birinchi ikki o‘rindiqli uchuvchi “IF-9” avtomobilini taqdim etdi.
Byuro veb-saytida xabar qilinishicha, “IF-9” avtomobil va kvadrokopter uyg‘unlashmasidan iborat bo‘lib, uning yoqilg‘isi sifatida vodorod yoki elektr energiyasi ishlatilishi mumkin.
Ikki kishilik avtomobil samolyotlardagi kabi yo‘lovchilarni qutqarish tizimiga ega bo‘lgan kapsula-kabina bilan jihozlanadi.
“Favqulodda vaziyat yuz berganda, odamlar joylashgan kabina-kapsula piropatronlar yordamida yuqoriga otiladi, so‘ngra qutqaruv parashyutlari ochiladi. Yerga qo‘nish paytida kapsula ostidagi tezlikni pasaytirish tizimi ishga tushib, yumshoq qo‘nishni ta’minlaydi. Bu tizim hatto past balandliklarda ham samarali ishlaydi, bu esa bizning LMdagi parvozlarni eng yuqori darajada xavfsiz qiladi,” — deya ta’kidlashdi matbuot xizmatida.
“Filatov” kompaniyasi ma’lum qilishicha, parvoz ham uchuvchi boshqaruvi ostida, ham avtonom rejimda amalga oshirilishi mumkin. Katta LED-monitorda esa kunduzi yonadigan chiroqlar, gabarit chiroqlari, burilish ko‘rsatkichlari va boshqa yorug‘lik signallari aks ettiriladi
Dastlabki parvoz sinovlari 2025-yil yanvar oyiga mo‘ljallangan. Ishlab chiqaruvchilarning aytishicha, sinovlar hozircha qisqa masofalarda va ehtimol kichik aviatsiya qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi.
Kompaniya yo‘llardagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari yonida uchish apparatlarining qo‘nishi va uchishi uchun maydonchalar yaratishni taklif qildi, bu yerda elektr ta’minoti manbalarini zaryadlash ham mumkin bo‘ladi. Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, “IF-9” nafaqat ucha oladi, balki oddiy avtomobil singari yo‘lda ham yura oladi.
Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar loyiha hozircha konseptual ekanligini e’tirof etishdi va uni amalga oshirish uchun katta miqdordagi sarmoyalar va turli sohalardan eng yaxshi mutaxassislarni jalb qilish zarur bo‘lishini ta’kidlashdi.
Avvalroq “Spot” Xitoyda haydovchisiz uchar avtomobil prototipi namoyish etilgani haqida yozgandi.
Uchar avtomobil havoda 40 daqiqagacha qolishi mumkin. Parvozning maksimal balandligi 1 km, tezligi esa soatiga 120 kmgacha yetadi.