Turkiyaning “IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi O‘zbekistondagi pulli avtomobil yo‘llari qurilishida ishtirok etmoqchi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
15-yanvar kuni “IC İçtaş İnşaat” boshqaruv kengashi a’zosi Rexa Denemech hamda bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar o‘rtasida DXSh dasturlari asosida transport infratuzilmasini takomillashtirish, xususan, avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Turk kompaniyasining avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va aeroportlar qurish yo‘nalishidagi loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, kompaniya Samarqand-Buxoro tezyurar pullik avtomobil yo‘li qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bu bo‘yicha “IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Shuningdek, tomonlar DXShni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, uning mexanizmlari hamda xorijiy tajribadan foydalanish borasida fikr almashdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan maqsadlarga erishishda tizimli faoliyat olib borishga kelishildi.
Prezidentning 2024-yilning avgust oyidagi qarori bilan Samarqand va Buxoro o‘rtasida pullik avtomobil yo‘li qurilishi belgilangan. Loyiha qiymati $1 mlrdga baholangan bo‘lib, yo‘l Samarqand, Navoiy hamda Buxoro viloyatlaridan o‘tadi. Jarayonlarni 2027−2030-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
“IC Holding” tarkibiga kiruvchi “IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi 1969-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Turkiya va boshqa xorijiy davlatlarda DXSh asosida avtomobil yo‘llari, tunnellar hamda ko‘priklar qurilishida ishtirok etgan.
Xususan, kompaniya Istanbulda umumiy uzunligi 150 km avtomobil yo‘li, dengiz ustida 1,5 km uzunlikdagi “Yavuz Sulton Salim” bosfor ko‘prigini qurgan. Hozirda Vetnamdagi yangi aeroport qurilishini amalga oshirmoqda.
O‘zbekistonda pulli yo‘l
2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pullik yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi jalb qilindi.
Yil yakunida loyiha Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha qiymati $2,5 mlrdga baholangandi. Uning natijasida Andijondan Toshkentga borish vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqarishi mumkin.
Prezidentning 2024-yilning avgust oyidagi qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilda, Toshkent-Andijon yo‘li 2026-yilda boshlash nazarda tutilgan.
Toshkent-Samarqand pullik yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Qurilish jarayoni 2024-yilning dekabridan boshlanishi kerak edi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.
Turkiyaning “Onur Group” kompaniyasi Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pullik qilishga qiziqish bildirgan. Biroq, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning fikricha, bunda muqobillik ta’minlanishi shart.