16-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zbekkosmos” agentligi Aerokosmik faoliyat va kosmik monitoring tizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Ibragimov O‘zbekistonning sun’iy yo‘ldosh guruhlarini joylashtirish rejalari haqida ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.
Xususan, Ibragimov Raqamli texnologiyalar vazirligi aloqa sohasidagi vakolatli organ hisoblanishini ta’kidladi.
“Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida turli guruhlarni joylashtirish bo‘yicha keyingi muzokaralar olib borilmoqda. Bunda o‘ziga xos tartib-qoidalar va byurokratik jihatlar bor. O‘ylaymanki, bularning barchasi o‘z vaqtida [amalga oshiriladi]. Ammo aniq sanasini bilmaganim uchun ham bu savolga aniq javob berishga tayyor emasman”, — dedi u.
“O‘zbekkosmos” agentligi vakilining qayd etishicha, Qozog‘iston katta hududi va aholisining kamligi sababli sun’iy aloqa yo‘ldoshini faol rivojlantirmoqda. Qo‘shni davlatdan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda optik tolali aloqa ancha rivojlangan va uning aholi punktlariga kirib borish foizi “juda yuqori” dedi u.
Muhiddin Ibragimov, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh aloqasining maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqish muhimligini ta’kidlab, yer usti infratuzilmasini qurishga nisbatan uning qimmatligini ta’kidladi.
“Agar sun’iy yo‘ldosh aloqasi ishga tushirilsa, internet bepul bo‘ladi, degan gaplarni eshitamiz. Aslida bunday emas, chunki sun’iy yo‘ldosh qimmat texnologiya hisoblanadi”, — deya xulosa qildi u.
2023-yilning dekabr oyida Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlariga internet manbalarini diversifikatsiya qilishda yordam berish niyatida ekanligini ma’lum qilgandi. Xususan, Qozog‘istonga “SES” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Yevropa sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanish hamda loyiha bilan mintaqaning boshqa davlatlarini, jumladan, O‘zbekistonni ham qamrab olish taklif qilindi.
Shu bilan birga, “Starlink"ning Markaziy Osiyoda ishga tushirilishi ikki yilga ko‘chirilgani ma’lum bo‘ldi. Servis saytidagi interaktiv xaritaga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilda (ilgari — 2025-yil edi) “Starlink"ga ulanish huquqiga ega bo‘ladi.
2024-yilning sentabr oyida Qozog‘iston raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev “Amazon” bilan sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha kelishuv imzolanganini e’lon qildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi “Starlink” bilan raqobat xizmatlar sifati va arzon narxlarni ta’minlashi kutilmoqda.