Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yilda 5,2 mln fuqaroning bandligini ta’minlash va 1,5 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantiriladi.

Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 mln aholini doimiy ishga joylashtirish hamda 2 mlndan ortiq fuqaroni biznesga jalb qilish uchun joriy yilda kichik biznes loyihalariga jami 120 trln so‘m kredit ajratiladi.

Xorijiy tajriba asosida 32 ta yo‘nalishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yiladi. Masalan, 300 ta og‘ir mahallada umumiy quvvati 107 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilib, ularga kambag‘al oilalar a’zolari kooperatsiya asosida ishga olinadi.

123 ta tumanda kambag‘al aholi 20 ming gektar o‘rmon va ko‘chatzor barpo etish hamda dorivor o‘simliklar yetishtirishga jalb etiladi. ekilgan har 100 ta daraxti uchun ularga 375 ming so‘m miqdorida subsidiya to‘lanadi.

Turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta bo‘limlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambag‘al oila vakillari ishga olinadi. Joriy yilda 6 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalarni amalga oshirish orqali 210 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish belgilanmoqda.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi chekka hududlardagi, og‘ir toifadagi qishloqlarga mas’ul etib belgilanadi. Uyushma ularda ishchanlik ruhini olib kirishi, boqimandalikni kamaytirishi hamda kambag‘al oilalar mehnatini qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu vazifalarning bajarilishini qat’iy nazoratga olish topshirildi. Har bir loyiha, har bir chora-tadbir elektron platformaga kiritilib, yaratilgan ish o‘rinlari soliq bazasida tekshirilishi belgilandi. Mahalliy hokimlik xodimlari va “mahalla yettiligi” uchun o‘quvlar tashkil etish, yaxshi tajribalarni targ‘ib qilish muhimligi aytildi.

O‘zbekistonda kambag‘al oilalar reyestri yuritiladi. 2025-yildan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam berishning talablari o‘zgartiriladi. Prokuratura kambag‘allikni qisqartirishda qonunchilik ijrosini nazorat qiladi. Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalarda mas’ul xodimlardan iborat shtatlar tashkil etiladi.