Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-yanvar kuni investitsiyalarni jalb etish va eksportni oshirishga qaratilgan vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda mamlakatdagi 22 ta erkin iqtisodiy zonada ishga tushgan 589 ta korxona 2024-yili 42 trln so‘mlik mahsulot chiqargani qayd etildi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning atigi 16% yuqori texnologiyali tovarlardir. Faqat 18% mahsulot tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona esa umuman eksport qilmagan.
Sarmoyasiga qarab imtiyoz olayotgan erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan mablag‘lar tannarxni pasaytirish, eksportga chiqish uchun xizmat qilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Endi faqat eksportga ishlaydigan EIZlar tashkil etiladi. Ularda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabi bor mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Xususan, birinchi zona Namanganda tashkil qilinib, to‘qimachilikka ixtisoslashadi. Iqtisodiy kompleks rahbarlariga EIZlar bo‘yicha tizimni qayta ko‘rib chiqib, ularni eksportga ixtisoslashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
O‘tgan yilda yangi yondashuv asosida 12 ta texnopark xorijiy korxonalar boshqaruviga berildi. Ushbu hududlarda $2,5 mlrdlik 27 ta loyiha joylashtirildi.
Bunday texnoparklar Turkiya kompaniyalari bilan Zangiotada, Tatariston bilan Karmanada, Xitoy bilan Andijon, Karmana tumanlari, Olmaliq, Chirchiq, Zarafshon, Qo‘qon va Toshkent shahrida tashkil qilinmoqda. Mutasaddilarga xorijiy investorlar bilan iqtisodiy zonalarning bo‘sh hududlarida texnopark tashkil qilish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Prezident investitsiya va bozorlarni egallash uchun jahonda qattiq kurash ketayotganini qayd etdi.
“Loyihalar uchun chetdan mablag‘ olib kelish qanchalik qiyin bo‘layotganini, uni samarali ishlatish kerakligini barcha rahbarlar tushunishi shart”, — dedi davlat rahbari.
Belgilab berilgan vazifalar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish, aniq mexanizmini belgilab, eng quyi bo‘g‘ingacha tushirish topshirildi. Vazirlar, tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari oldiga tumanlarga tushib, o‘z ishini joyida tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.