2026-yilda “Samsung” korporatsiyasi kremniy-uglerodli batareyalar asosida smartfonlar ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda “SamMobile” nashri “Ice Universe” taxallusi ostidagi insayderga tayanib xabar bermoqda.

Ayni paytda Koreya kompaniyasi dunyodagi aksariyat smartfon ishlab chiqaruvchilari kabi litiy-ionli akkumulyatorlar ishlab chiqarmoqda.

“Samsung"dagi manbalarning aytishicha, korporatsiya muhandislari ommaviy bo‘lishi va sanoatda inqilob qilishi mumkin bo‘lgan o‘z kremniy-uglerodli batareyalarini yaratishga yaqin.

“Ice Universe” bunday akkumulyatorlarning afzalliklarini sanab o‘tdi. Masalan, ular tarkibida kobalt, litiy va nikel kamyob yer elementlari mavjud emas, ularni qazib olish atrof-muhitga zarar yetkazadi. Shuningdek, kremniy-uglerodli batareyalar yuqori energiya zichligiga ega, bu esa ixchamroq akkumulyatorlarni ishlab chiqishga imkon beradi.

Yangi turdagi batareyalar litiy-ion akkumulyatorlariga qaraganda xavfsizroq hisoblanadi. Ular kamroq qizib ketadi va portlash ehtimoli pastroq.

“Ice Universe” tahminiga ko‘ra, kremniy-uglerod akkumulyatorlari 2026-yilda “Galaxy S26” turkumidagi smartfonlarda o‘z debyutini amalga oshirishi mumkin.


Avvalroq “Spot” “Samsung” sun’iy intellekt yordamchisini yangilashga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya mazkur yangilanishda bir vaqtning o‘zida ko‘plab ilovalar bilan ishlay oladigan raqamli yordamchini taqdim qilishi kutilmoqda.