O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh uchiradi. Bu haqda 16-yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zbekkosmos” agentligi Aerokosmik faoliyat va kosmik monitoring tizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Ibragimov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.
Ibragimov mamlakatning o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirish rejalari haqidagi savolga so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda o‘sish kuzatilganini ta’kidladi. U 2022-yilda “mantiq va bozor yo‘qligi” hamda davlat organlarining sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan ishlay olmasligi sababli mahalliy sun’iy yo‘ldoshni uchirish imkonsiz bo‘lganini eslab o‘tdi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda ham davlat, ham xususiy sektorda taxminan 600 mingdan 1 mln kv kmgacha bo‘lgan maydondagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini qayta ishlash bozori yaratilgan. Endi biz Yerni zondlash sun’iy yo‘ldoshlari guruhini uchirish bo‘yicha ishlarni olib bormoqdamiz, hozir takliflarni tayyorlash va kiritishimiz kerak. Biz bir necha davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz”, — dedi Ibragimov.
Shuningdek, “O‘zbekkosmos” vakili Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ga a’zo davlatlar bilan hamkorlikda Kosmik qo‘mita faoliyat yuritayotganini qayd etib, ular bilan kosmik yo‘nalishda yordam berish maqsadida har yili yig‘ilishlar o‘tkazilishini ta’kidladi.
Muhiddin Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ilmiy sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqilmoqda hamda “O‘zbekkosmos” agentligi uning bir qismi bilan shug‘ullanmoqda.
“Biz texnologik qismni yaratib, uni sun’iy yo‘ldoshga integratsiya qilamiz. Adashmasam, sun’iy yo‘ldoshni 2026-yilning o‘rtalariga uchirish rejalashtirilmoqda. Bu to‘liq O‘zbekistonning sun’iy yo‘ldoshi bo‘lmaydi, lekin uning yaratilishida o‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirok etadi”, — deya xulosa qildi u.
Bundan tashqari, “O‘zbekkosmos” bo‘limi rahbari Ismoil Rasulov Kyushu texnologiya instituti bilan kelishuvga erishilganini ma’lum qildi, uning doirasida joriy yilda mamlakat sun’iy yo‘ldoshlarini yig‘ish, loyihalash, integratsiya qilish va uchirish uchun 7ta jamoani yuborish rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar bilan Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlari guruhlarini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgandi.