Donald Tramp boshchiligidagi yangi AQSh ma’muriyati Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarda Jekson-Venik tuzatmasini saqlab qolishni sovuq urush davridan qolgan sarqit deb hisoblamoqda. Bu haqda “TACC” axborot agentligi xabar berdi.

Jekson-Venikning Savdo to‘g‘risidagi qonunga tuzatishi 1974-yilda Sovuq urush paytida AQSH Kongressi tomonidan qabul qilingan. U fuqarolarga emigratsiya qilishga ruxsat bermagan yoki bunga to‘sqinlik qilgan “bozor iqtisodiyoti bo‘lmagan” mamlakatlar bilan savdo aloqalarini cheklaydi.

Asosiy maqsad Sovet Ittifoqi va boshqa sotsialistik lager mamlakatlaridan chiqish taqiqlariga qarshi kurashish edi. Sovet Ittifoqi allaqachon tarqalib ketgan bo‘lsa-da, bu tuzatish Markaziy Osiyo davlatlari ham qatori ba’zi mamlakatlar uchun o‘z kuchini saqlab qolgan edi.

“Bu o‘tgan davrning qoldig‘i,” — dedi AQSh davlat kotibi lavozimiga nomzod Marko Rubio Senatdagi tinglovlar paytida. U yana qo‘shimcha qildiki, bugungi sharoitda tuzatishdan bosim vositasi sifatida foydalanish bema’ni ko‘rinishini ham aytib o‘tdi.

Rubio AQSh Savdo vazirligi Qozog‘istonni bozor iqtisodiyoti sifatida tan olganini ta’kidladi, bu esa mazkur qonunning eskirgan xususiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Uning fikricha, o‘z dolzarbligini yo‘qotgan mexanizmlarga tayanish o‘rniga, mintaqalar bilan munosabatlarda yangicha yondashuvlarni izlash muhimdir.

Florida shtati vakili Marko Rubio nomzodi allaqachon Senatda keng qo‘llab-quvvatlandi. Uning davlat kotibi lavozimiga tasdiqlanishi Trampning inauguratsiyasidan keyingi kunlarda bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, AQShning yangi prezidenti kriptovalyuta tarafdori Pol Atkinsni Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) rahbarligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi. Moliyaviy sektor bu qarorni ijobiy kutib oldi, kriptovalyutalarni tartibga solish sohasida islohotlar bo‘lishini umid qilmoqda.

AQSh Kongressi ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq SSSR davlatlaridan O‘zbekiston bilan bir qatorda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston Jekson-Venik tuzatishi ta’siri ostiga tushadi. Biroq, ularga har yili qayta ko‘rib chiqiladigan “normal savdo munosabatlari"ning shartli yoki vaqtinchalik maqomi beriladi. Qirg‘iziston 2000-yilda, Latviya, Litva va Estoniya esa 1991-yilda mazkur tuzatish ta’siridan chiqarilgan.

Belarus 2022-yilgacha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroga bog‘liq holda shartli maqom bekor qilinguniga qadar, AQSh bilan xuddi shunday shartlar asosida savdo-sotiq olib borgan. O‘sha paytda Rossiya ham doimiy savdo aloqalaridan mahrum bo‘ldi. Rossiya uchun bu tuzatish 2012-yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lganida bekor qilingan edi. Bulardan tashqari, mazkur tuzatish Kuba va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi uchun hamon amal qilmoqda.


Avvalroq “Spot” AQSh Markaziy Osiyodan yangi savdo yo‘lini yaratishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, mintaqa bu orqali Rossiya va Xitoyni chetlab o‘tib, jahon bozoriga muqobil chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.