O‘zbekistonda kosmonavtlarni fazoga uchirish rejasi ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda 16-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zbekkosmos” agentligining Aerokosmik faoliyat va kosmik monitoring tizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Ibragimov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.

Uning qayd etishicha, fazogirlarni uchirish murakkab jarayon emas, biroq bundan mamlakat ilmiy jihatdan manfaatdor bo‘lishi kerak. Hozirda ularni tayyorlash ishlari olib borilayotgani yo‘q.

“Kosmonavt uchirish — bu juda ham oson ish. Amerikalik hamkasblarimizga, masalan, “NASA"ga $50−60 mln pulini to‘lab, hozir ham [kosmonavtlarni kosmosga] uchirsak bo‘ladi. Lekin, nima uchun to‘xtatib turibmiz? Qo‘pol qilib aytganda, uchgan kosmonavt selfi tushib kelishi kerak emas”, — dedi Ibragimov.

“O‘zbekkosmos” vakili har bir fazogir olim yoki muhandis bo‘lishini, davlat manfaatlari uchun fazoda ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borishi kerakligini ta’kidladi. Sababi, “kosmosda ko‘plab yangiliklarni qilish mumkin”, dedi u.

Muhiddin Ibragimov hozirda fazoda Yerda amalga oshirish imkoni bo‘lmagan yangiliklarni qilish mumkinligini aytdi. Buni fazodagi farqli muhit bilan izohladi.

“Biz bu darajaga yetib borishimiz uchun Fanlar akademiyasi va boshqa olimlar bilan birgalikda ish olib borib, qandaydir dastur yaratganimizdan keyin bu masalani ko‘tarishimiz mumkin bo‘ladi”, — deya xulosa qildi u.

Shuningdek, Muhiddin Ibragimov mamlakatda kosmik ta’limni rivojlantirish uchun O‘zbekistonda tashkil etilgan kosmik lagerni har yil o‘tkazish belgilanganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, maktablar bilan birga to‘garaklar tashkil etish rejalashtirilgan. “O‘zbekkosmos” agentligi bo‘limi boshlig‘i yaqin kelajakda mamlakat kosmik ta’lim tizimiga kirishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlari guruhini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bundan tashqari, konsalting kompaniyalari bilan 2035-yilgacha bo‘lgan milliy kosmik dastur ishlab chiqiladi. Hujjat joriy yil o‘rtalarida taqdim etilishi kutilmoqda.