Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekistonga kiritilgan yillik investitsiyalar hajmi rekord darajani yangiladi, deb xabar berdi moliya tashkiloti matbuot xizmati.
2024-yilda YTTB va mamlakat hukumati o‘rtasida umumiy qiymati 938 mln yevro ($960 mln) bo‘lgan 34 ta bitim imzolandi, bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Shuningdek, bank birgalikda moliyalashtiruvchi tashkilotlardan 383 mln yevro jalb qilishga yordam berdi.
Bank kiritgan sarmoyalarning qariyb 55%i “yashil” iqtisodiyot tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi. Gap qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan bir qatorda kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar haqida bormoqda.
Xususan, YTTB Toshkent viloyatida quvvati 200 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasi va 501 MVt/soat elektr energiyasini saqlash tizimini qurish uchun $226 mln miqdorida A/B-kredit ajratdi.
Shuningdek, bank tomonidan Navoiy viloyatida 230 km yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish uchun $66,4 mln ajratildi. Chirchiq shahrida “yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha “O‘zkimyosanoat” va “ACWA Power” loyihalarini moliyalashtirish uchun yana $65 mln yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, bank Urganch va A380 magistrali o‘rtasidagi avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun $238 mln miqdorida suveren kredit ajratdi. Loyiha doirasida Amudaryo ustidan yangi ko‘prik qurish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston moliya sektori YTTBdan 300 mln yevrodan ortiq savdoni moliyalashtirish limitlari va kredit mablag‘lari jalb qildi. Xususan, “TBC Uzbekistan” raqamli banki qo‘shimcha investitsiyalar hamda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun qarz oldi.
YTTBning kichik biznes bo‘yicha maslahat dasturi O‘zbekiston hududlarida 60 ta maslahat loyihasini ishga tushirdi, ularning yarmi ayollar tadbirkorligiga qaratilgan. Unda 80 ming tadbirkor ishtirok etdi.
Avvalroq “Spot” YTTB O‘zbekistonga “yashil” o‘sish uchun $200 mlngacha ajratishi mumkinligi haqida xabar bergandi.