Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.

Nizom Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatli organ hisoblanib, reyestr vazirlik tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxatni o‘z ichiga oladi.

Reyestrga xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha belgilangan shartlar asosida davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda bo‘yin tovlagan xarid qilish tartib-taomillari g‘oliblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.

Shu bilan birga, majburiyatlarni bajarmaganlikda yoxud tegishli tarzda bajarmaganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar ma’lumotlari ham reyestrdan joy oladi. Bundan majburiyatlar bartaraf etib bo‘lmaydigan kuchlar oqibatida bajarilmagan hollar mustasno.

Davlat xaridlari jarayonida yolg‘on yoki soxta hujjatlarni taqdim etgan, ayni bitta lotda ishtirok etgan affillangan shaxslar yoki manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida ma’lumotlarni ochib bermagan ishtirokchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar beriladi.

Shuningdek, sudning qaroriga ko‘ra firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar to‘g‘risida ham axborot joylanadi.

Reyestrga kiritilgan insofsiz ijrochilar 2 yilgacha undan ro‘yxatda turadi va bu muddat tugagandan so‘ng avtomatik tarzda chiqariladi. Shu bilan birga, ular sudning tegishli qaroriga bilan reyestrdan chiqarilishi mumkin.