Qoraqalpog‘iston va Xorazm o‘rtasida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi matbuot xizmati xabar berdi.
Urganch-Qo‘ng‘irot-Urganch yo‘nalishi bo‘yicha poyezd harakati joriy yilning 20-yanvardan boshlanadi.
Poyezd qatnovi har kuni Urganchdan soat 6:00 da, Qo‘ng‘irotdan soat 13:24 da amalga oshiriladi.
Xabarda qayd etilishicha, mazkur poyezd 2024-yilning fevral oyida Amudaryo tumanida ochilgan ko‘prik ustidan o‘tadi.
Ko‘prik uzunligi 423 metrni tashkil etib, u orqali 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqti tejaladi, temir yo‘l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi.
1-fevraldan O‘zbekistonda poyezd chiptalari narxi oshirilmoqda. Xususan, “Afrosiyob” elektropoyezdlari chipta narxi 20−25%ga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlariniki 30%ga qimmatlashadi.
Shu bilan birga, mazkur sanadan mahalliy yo‘nalishdagi yotoqli poyezdlarda ham chipta narxlari 10,5%ga ko‘tariladi.
Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston Ostona-Samarqand temir yo‘l yo‘nalishini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.