“eBay” marketpleysi 2025-yil boshidan O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan birinchi xorijiy internet-kompaniya bo‘ldi.
Bu haqda Soliq qo‘mitasining elektron xizmat ko‘rsatuvchilar uchun maxsus saytida ma’lum qilingan. Unga ko‘ra, Shveysariyaning “eBay Marketplace GmbH” kompaniyasi 17-yanvar kuni ro‘yxatdan o‘tgan.
2024-yilda yangi xorijiy soliq to‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish sur’ati oldingi yillarga nisbatan sezilarli darajada pasaygan. Xususan, faqat 6 ta kompaniya, jumladan “Etsy” marketpleysining Irlandiya yuridik shaxsi (“Etsy Ireland UC”) ariza topshirgan.
Shuningdek, Fransiyadan “Nexway” va Buyuk Britaniyadan “Contactpay Solution” ekvayring yechimlarini yetkazib beruvchilari, sun’iy intellektga asoslangan “DeepL” tarjima xizmati, “SaySomethingin.com” til kurslari agregatori hamda “Emirati Global Intellect Service” soliq to‘lovchilar sifatida ro‘yxatga olingan.
2020-yilning mart oyidan O‘zbekistonda xizmatlar va tovarlarni sotuvchi xorijiy elektron tijorat kompaniyalarini soliqqa tortish tartibi kuchga kirgan. Ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan sotuvlar bo‘yicha QQS to‘lovchilari sifatida tan olinadi.
2024-yilning yanvar-sentabr oylarida xorijiy IT-kompaniyalardan 101,9 mlrd so‘m soliq tushgan. Bu mablag‘larning qariyb 88%i uchta kompaniya — “Meta”, “Google” va “Apple” hissasiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda qaysi kompaniyalar eng ko‘p soliq to‘lagani haqida xabar berilgandi.