Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Koson va Ko‘kdala tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Unda ushbu tumanlarda faoliyat yurituvchi “X.I.” fermer xo‘jaligi hamda “Z.” MCHJ mas’ul shaxslari tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 276,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Piskent tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, fuqaro O.S. “Turopobod” MFY hududidagi xonadonida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Buning natijasida 143,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.

Departamentning Uchko‘prik tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvda “P.L.” MCHJ rahbari N.A. ishlab chiqarish sexida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida 129,2 mln so‘mlik tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Samarqandda qariyb 187 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va fermer xo‘jaligi umumiy foydalanishdagi tarmoqlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.