Avvalroq Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida 2025-yil uchun bandlik va aholini kambag‘allikdan chiqarish dasturi ishlab chiqilganini hamda unda “juda katta marralar” belgilanganini qayd etdi. Buning uchun ishchi guruhlar tuzilib, vazirlikda alohida bo‘lim tashkil etilgan.
Joriy yilda 5,2 mln aholini daromadli mehnatga jalb qilish hamda 1,5 mln odamni qashshoqlik chegarasidan chiqarish uchun yo‘nalishlar kesimida ishlar belgilandi. Xususan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 496 ta kooperatsiya tashkil etilib, aholi yuqori daromadli ekinlar ekishga jalb qilinadi.
2025-yildan kasbiy ta’lim jarayoniga xususiy sektor jalb qilinadi. 1-fevraldan Toshkent va Samarqandda, 1-maydan esa qolgan hududlarda yangi tizim joriy etiladi. Unda kasbiy ta’lim infratuzilmalarini kafolatlangan moliyalashtirish tizimidan vaucher tizimiga o‘tkazish nazarda tutilgan.
“Yangi tamoyil asosida ta’lim ortidan mablag‘ keladi. Bunda ta’lim oluvchilar vaucherlar orqali o‘zlari ma’qul topgan davlat yoki xususiy o‘quv yurtiga joylashishlari mumkin bo‘ladi. Moliyalashtirish esa ushbu ta’lim tashkilotlariga yo‘naltiriladi. Natijada, 220 ming shaxsni kasbiy ta’limga yo‘naltirish nazarda tutilgan”, — dedi vazir.
Shu bilan birga, 14ta hududda 28ta sanoat markazlari qurilishi, 3ta hududda parrandachilik klasterlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu orqali 230ta o‘rta quvvatga ega 50 ming boshli parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlari ishga tushiriladi.