Yevropa Ittifoqi yetkazib berishlar to‘xtatilishiga qaramay, Rossiya gazini iste’mol qilishda yana rekord o‘rnatdi. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil boshidan beri Yevropa Ittifoqi mamlakatlari 837 ming tonnadan ortiq yoqilg‘i import qilgan.
“Kpler” tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki 15 kunida Yevropa Ittifoqining 27 mamlakati 837 ming 300 tonna Rossiya suyultirilgan tabiiy gazini xarid qilgan.
Bu ma’lumot 1-yanvarda Rossiyaga Ukraina orqali quvurlar vositasida Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berishga imkon beruvchi bitimning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng e’lon qilindi.
Yevropa komissiyasi vakili Anna-Kaysa Itkonenning ta’kidlashicha, Rossiya energiya resurslari, ayniqsa gaz, hali ham Yevropa Ittifoqida mavjud va 2024-yilda Rossiyadan gaz importi, shu jumladan suyultirilgan tabiiy gaz importi ham oshgan. “Bu jiddiy xavotir uyg‘otmoqda,” — dedi u.
Avvalroq Yevropa Ittifoqining o‘nta mamlakati Rossiyadan barcha gaz importini imkon qadar tezroq to‘xtatishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, mamlakatlar Rossiyaning har qanday gazini — quvurli va suyultirilgan gazni import qilishni taqiqlashni taklif qilmoqda.
To‘liq taqiqning muqobili sifatida 2022-yilda Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan “RePowerEU” strategiyasiga muvofiq importni bosqichma-bosqich kamaytirish taklif etilmoqda.
Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 2027-yilga kelib Rossiya gazidan butunlay voz kechib, boshqa yetkazib beruvchilarga o‘tishi hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishi ko‘zda tutilgan. Biroq hujjat mualliflari bu jarayonni imkon qadar tezlashtirishni talab qilmoqdalar.
Hujjatni Litva, Latviya, Estoniya, Daniya, Chexiya, Polsha, Ruminiya, Shvetsiya, Irlandiya va Finlyandiya imzoladi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarning navbatdagi, 16-paketini tayyorlamoqda. Uni fevral oyi oxirida — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini boshlanganining uch yilligi arafasida e’lon qilish rejalashtirilgan.
Yevropa Ittifoqi allaqachon Rossiya gazini dengiz orqali yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygan, ammo ayrim Yevropa mamlakatlari, xususan Slovakiya va Vengriya, gazga qaram bo‘lganligi sababli quvur orqali keladigan gazdan to‘liq voz kecha olmadi.
Ushbu mamlakatlar hukumatlari Yevropa Ittifoqining sanksiyalar siyosatini bir necha bor keskin tanqid qilib, Kreml bilan munosabatlarni yaxshilashga chaqirdi.