Qozog‘istonning bir qancha hududlarida kartoshka narxining keskin oshishi fonida hukumat uchinchi mamlakatlarga eksportni olti oyga cheklashga qaror qildi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vazirining rasmiy axborot resursi xabar bermoqda.

“Qo‘shni davlatlar, ayniqsa, O‘zbekiston tomonidan talab oshganligi va eksport narxlari yuqoriligi sababli joriy yilda kartoshka eksporti 1,5 barobarga oshib, 411 ming tonnadan 605 ming tonnaga yetdi. Ajiotaj talab ichki bozorga ta’sir ko‘rsatdi. Oxirgi haftada eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqaruvchilarda narxlarning keskin o‘sishi (170 tenge dan 270 tengegacha) qayd etildi,” — deyiladi hukumat xabarida.

Ichki bozorda kartoshka narxlarini barqarorlashtirish maqsadida 18-yanvar kuni o‘tkazilgan Savdo faoliyati masalalari bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishida kartoshkani uchinchi mamlakatlarga olib chiqishni 6 oy muddatga cheklash haqida qaror qabul qilingan.

“Ushbu chora YOII davlatlariga nisbatan qo‘llanilmaydi, biroq bu yo‘nalishdagi eksport nazorat ostida bo‘ladi. Shu bilan birga, vujudga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda, 16-yanvar kunidan boshlab eksport uchun fitosanitariya sertifikatlarini berish butunlay to‘xtatildi,” — deyiladi xabarda.

Qabul qilingan chora-tadbirlarning kartoshka narxlari barqarorligini ta’minlash, narxlarning asossiz ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik va bozor ishtirokchilarining chayqovchilik harakatlarini oldini olishga qaratilganligi ta’kidlanmoqda.

Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mavjud zaxiralar 2025-yilning erta hosiligacha ichki ehtiyojni to‘liq qondirish uchun yetarli.

19-yanvar holatiga ko‘ra, savdo tarmoqlaridagi zaxiralarni hisobga olmaganda, umumiy zaxiralar 850 ming tonnadan ortiqni tashkil etadi. Shundan 600 ming tonnasi kartoshkachilik uyushmasida, 68 ming tonnasi barqarorlashtirish jamg‘armalarida, 200 ming tonnadan ortig‘i esa dehqon xo‘jaliklari va kichik fermer xo‘jaliklarining omborxonalarida saqlanmoqda.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston kungaboqar urug‘larini eksport qilishga qo‘yilgan taqiq bekor qilayotgani haqida yozgandi.

Mazkur taqiq 2022-yil iyun oyida yog‘ning ichki narxlarini barqarorlashtirish maqsadida kiritilgan edi.