O‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniyadagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga tanlov qayta tashkil etiladi. Bu haqda 17-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Quronov ma’lum qildi.
Joriy yilning 10-yanvar kuni agentlik hamda Britaniyaning “Hops” rekruting kompaniyasi tomonidan fuqarolarni ishga jalb qilish bo‘yicha tanlov tashkillashtirilgandi. Biroq, 15-yanvar kuni agentlik natijalar kompaniya tomonidan bir yoqlama bekor qilinganini xabar berdi.
“Bu loyiha oxirgi 2 yil davomida agentlik va Angliya ish beruvchisi tomonidan qonuniy [tartibda] tashkillashtirilib kelingan. Oldingi yilda ham [fuqarolar] ketishgan, lekin [tizimda] xatolar kuzatilgan. Bu yil ulardan kelib chiqqan holda yondashdik, shunga qaramay, ma’lum bir muammolar yuzaga keldi”, — dedi Quronov.
U arizalarni qabul qilishda qancha vaqt berilishi tashkilotga bog‘liqligini ta’kidladi. Ya’ni agentlik faqat ish beruvchi aytgan sharoit va vaqtni tashkillashtirib beradi. “Yakuniy ro‘yxatda „shuncha odam o‘tdi, shunga viza rasmiylashtirishga, bizga yuborishga yordam ber“, deyishsa, shuni ta’minlab beramiz”, dedi agentlik direktori o‘rinbosari.
Matlab Quronovning qayd etishicha, oldingi yilgi tanlovda 1 mlnga yaqin fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 3 mlnga yetgan. Agentlik o‘tgan yilgi kamchiliklar asosida o‘z platformasini mukammallashtirgan.
“Shunga qaramay, texnik sabablar tufayli [platforma] bir vaqtning o‘zida shuncha murojaatlarni qabul qila olmadi. Shu sababli [ro‘yxatdan o‘tish] vaqti 4 soatdan 6 soatga uzaytirildi. Lekin ular (Angliya kompaniyasi — „Spot“ izohi) o‘z talabidan kelib chiqqan holda, olti soatdan ko‘proq qilisha olmadi. Endi kompaniya bilan tanlovni qayta e’lon qilishga kelishdik”, — dedi u.
Quronov fuqarolar tomonidan kompaniyaga onlayn ro‘yxatdan o‘tolmaganliklari bo‘yicha murojaatlar bo‘lganini ta’kidladi. Tanlovning qayta tashkil etilishini “adolatli qaror” deb atadi u.
Fuqarolarga teng sharoit yaratish maqsadida platformada ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini kengaytirish, vaqt masalasini hal qilish borasida ishlar olib borilmoqda.
“Talab kuchayib borayotgani sabab, ba’zi vaziyatlarda texnika bunga javob bermayapti, lekin bundan keyin, yaqin orada e’lon qiladigan tanlovlarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Vaqt va imkoniyatni kengaytirib, fuqarolarga sharoitlar yaratib beramiz. Adolatsizlik bo‘lmasligi uchun birinchi tanlovdan o‘tganlarning ham natijalarini bekor qildik, keyinchalik norozilik bo‘lmasligi uchun hammaga teng imkoniyat masalasini o‘ylab chiqyapmiz”, — deya xulosa qildi Matlab Quronov.
Gap nima haqida?
2025-yil boshida Migratsiya agentligi hamda “Hops Labour Solutions” kompaniyasi tomonidan o‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyadagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga taklif qilinayotgani xabar berildi.
Ro‘yxatdan o‘tish 10-yanvar kuni agentlikning xorijdaish.uz portali orqali amalga oshirildi.
Qabul soat 15:00 dan 19:00 gacha davom etishi kerak edi. Biroq, platformada texnik uzilishlar kuzatilgani sabab, uning vaqti 21:00 gacha uzaytirildi. Bir vaqtning o‘zida tashriflar soni 2 mlndan ortib ketgan.
Tanlovning keyingi bosqichiga o‘tganlar bilan 14−15-yanvar kunlari onlayn suhbat o‘tkazilishi hamda “Hops” onlayn test orqali tanlangan nomzodlar bilan bog‘lanib, oflayn suhbat ham tashkillashtirishi belgilangandi.
12-yanvar kuni Migratsiya agentligi matbuot xizmati Angliyadagi mavsumiy ishlar uchun 12 331 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Test ma’lumotlari faqat ro‘yxatdan o‘tgan va tanlangan fuqarolarga elektron pochta orqali yuborilgan.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish keyingi tanlov bosqichlarida ishtirok etishni kafolatlamaydi. Tanlov qarorlari “Hops” tomonidan qabul qilinadi.
Biroq 15-yanvarga kelib, agentlik ro‘yxatdan o‘tish natijalari “Hops Labour Solutions” tomonidan bir yoqlama bekor qilinganligini e’lon qildi.
Agentlikda uni o‘zgartirish vakolati yo‘qligi, masala yuzasidan savol va e’tirozlarni rekruting kompaniyasining hello@hopsls.com, complaints@hopsls.com elektron pochtasiga rus va ingliz tillarida jo‘natish mumkinligi ta’kidlangan.
“Hops Labour Solutions” ro‘yxatga olish jarayoniga uchinchi shaxslarning aralashuvi haqida ko‘plab ishonchli xabarlar mavjudligini ma’lum qildi. Shu sababli kompaniya navbatdagi bosqichni keyinga qoldirishga majbur bo‘lgan.
“Juma kuni ro‘yxatdan o‘tganlar uchun bu katta umidsizlik bo‘lishini tushunsak-da, biz qabul qilish jarayonimizning ishonchliligi va shaffofligini ta’minlashimiz kerak”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Hops” uchinchi shaxslar Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilar dasturidagi joyni ta’minlash uchun pul undirganligi haqida dalillar mavjud bo‘lsa hamda fuqarolar kompaniyaning joriy tergovida yordam berishni xohlashsa, complaints@hopsls.com manziliga xat yozishlari so‘ralgan.