Fazliddin Ko‘lboyev 1993-yil 16-sentabrda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Dastlab iqtisodiyot kollejini so‘ng Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universitetining moliya va iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr bosqichini tamomlagan. Hozirda AQShning Boston shahrida joylashgan Boston universiteti magistratura bosqichida tahsil olmoqda.


Magistratura sari yo‘l

O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va monitoring qilish bo‘limidagi 5 yillik faoliyatim davomida asosiy iqtisodiy tarmoqlarni o‘rganish va energiya ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirishda tajriba bazasi shakllandi.

2022-yilda ishida yangi loyiha topshirildi: bunda loyihani xususiy kapital tizimi bo‘yicha moliyalashtirilishi belgilangan. Buning uchun chet eldan hamkorlar va AQShdan maslahat beruvchi kompaniya jalb etilgan. Biroq moliyalashtirish sxemasini tushunish qiyinchiliklar keltirib chiqardi. Xususiy kapital tizimi O‘zbekistonda hali rivojlanmagan bo‘lsa-da, uning taklif qiladigan imkoniyatlari juda keng. Masalan, xususiy kapital investitsiyalaridan yillik qaytish o‘rtacha 10% (ROI) atrofida, bu esa an’anaviy bank omonatlaridan 2% yuqori.

xorijda ta'lim, aqsh, boston university

Foto: Fazliddin Ko‘lboyevning shaxsiy arxividan

Fazliddin loyiha tajribasi va yangi bozorlarni o‘rganish, kompaniya boshqaruv tizimlarini tahlil qilish hamda dunyodagi moliyaviy tendensiyalarni chuqurroq o‘rganish maqsadida biznes boshqaruvini magistratura (MBA) bosqichida ta’lim olishga qaror qildi.

Biznes boshqaruvida magistratura (MBA) — bu yetakchi kadrlarni biznes boshqaruvi va menejment sohalarida tayyorlashga qaratilgan xalqaro darajadagi magistratura dasturi. Ushbu dastur biznes olami uchun chuqur bilim, ko‘nikma va strategik fikrlashni rivojlantirishga yordam beradi.

AQShda MBA dasturi

Amerika iqtisodiyoti va bozori erkin hisoblanadi. Iqtisodiyot bo‘yicha ko‘plab darsliklar va kurslar aynan Amerika bozorini o‘rganishga asoslangan. Shuningdek, AQShda bu yo‘nalish bo‘yicha juda ko‘p kuchli magistratura dasturlari mavjud.

Magistraturaga hujjat topshirish bir yilda 3−4 marta amalga oshiriladi, lekin AQShdan tashqarida ariza topshiruvchilarga bir yoki ikki turda hujjat topshirish tavsiya etiladi. Ushbu davr asosan kuz va qishga to‘g‘ri keladi.

Jami jarayonlarga 2−3 oy vaqt sarflanadi. Qabul ikkita bosqichda amalga oshiriladi:

  1. Birinchi hujjat topshirish.
  2. Agar taklif etilsa intervyu bosqichi amalga oshiriladi.

Saralash jarayonida raqobat kuchli bo‘lib, MBA dasturga turli mamlakatlardan arizachilar hujjat topshirishadi va ularning ba’zilarda ingliz tili birinchi til hisoblanib, Amerika madaniyati tanish bo‘ladi.

xorijda ta'lim, aqsh, boston university

Foto: shaxsiy arxiv

Men 5ta Universitetning MBA dasturlariga hujjat topshirdim. Boston Universitetiga hujjatlarimni 2turda topshirganman va intervyu yanvar oyining oxirgi haftasida bo‘lgan, qabul xatini esa fevral oyining 28-sanasida olganman.

Shunday qilib, Fazliddin Boston Universitetining MBA dasturi bo‘yicha birinchi o‘zbek talabasi bo‘lgan.

O‘qishga topshirishda talab etiladigan hujjatlar

Universitetga topshirishda quyidagi hujjatlar talab qilindi:

  • GMAT sertifikati: tanqidiy fikrlash qobiliyati, tezkor qaror qabul qilish va matematik bilimlarni baholash jarayonida hisobga olinadi;
  • til sertifikati: ingliz tili bilish darajasini belgilovchi sertifikat (IELTS yoki TOEFL);
  • professional rezyume: ish tajribasi va yutuqlarni aks ettiradi;
  • essay: universitet talabidan kelib chiqib bir yoki ikkita essay, asosan kelajakdagi maqsadlar va universitet jamiyatiga qanday hissa qo‘sha olishingiz mavzusida bo‘ladi;
  • bakalavrdagi GPA: akademik ko‘rsatkichlarni tasdiqlovchi hujjat.

Fazliddin, ishi bilan birgalikda o‘qishga kirishi uchun zarur bo‘lgan “GMAT” sertifikatini olish uchun ham tayyorlangan.

Graduate Management Admission Test (GMAT) — kompyuterga moslashish testi bo‘lib, u yozma ingliz tilidagi maʼlum tahliliy, yozish, miqdoriy, og‘zaki va o‘qish ko‘nikmalarini baholash uchun mo‘ljallangan.

Bu jarayonda eng qiyini ingliz tilida tanqidiy fikrlarni shakllantirish bo‘lib, bu juda ko‘p vaqtni talab qiladi. Test 3 soat davom etadi va sizdan doimiy diqqatni va hushyorlikni talab qiladi, deydi Ko‘lboyev.

Grant yutish

MBA qimmat dasturi hisoblanadi va garchi Boston Universitetidan grant yutganimga qaramay, ta’lim xarajatlarini to‘liq qoplash moliyaviy jihatdan qiyin bo‘ldi. Shu sabab ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali to‘liq grant yutishga qaror qilganman.

xorijda ta'lim, aqsh, boston university

Foto: shaxsiy arxiv

“El-yurt umidi” jamg‘armasida saralash 3-bosqichda amalga oshiriladi:

  1. Hujjatlarni elektron topshirish: Shaxsiy ma’lumotlar, ta’lim dasturiga qabul qilinganlik haqidagi xat va boshqa zarur hujjatlar yuboriladi.
  2. Test sinovi: Nomzodning bazaviy bilimlari baholanadi.
  3. Suhbat bosqichi: O‘qimoqchi bo‘lgan yo‘nalishi va kelajakdagi rejalari bo‘yicha savollarga javob beriladi.

Grant dasturi: ta’lim dasturining kontrakt to‘lovini qoplash, chet elda yashash xarajatlari, adabiyotlar sotib olish va transport xarajatlari mablag‘lari bilan ta’minlaydi.

Amerikadagi ta’lim tizimi

MBA dasturi bo‘yicha ta’lim jarayoni intensiv va qisqa muddatli bo‘lib, unda juda katta miqdorda ma’lumotlarni o‘zlashtirish zarur. Ya’ni 2 yillik dastur uchun 64 kredit, bu har bir semestrda kamida 5 tadan fan o‘qish degani.

Ta’lim jarayonining murakkabligi shundaki har ikki haftada oraliq imtihonlar yoki taqdimotlar topshiriladi. Kurslar jamoaviy loyihalar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, har bir loyihada turli talabalar bilan ishlash talab qilinadi. Bu esa nafaqat bilim olish, balki jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

Tizimining asosiy yutug‘i deb ta’lim beruvchi professorlarni talabalarni baholashi va shu bilan birga talabalar ham professorlarga baho berishini aytish mumkin, deydi Fazliddin.

Bundan tashqari, fakultetlar taklif etilayotgan fanlarni doimiy qayta ko‘rib chiqib, zamonga moslab boradi: chunki biznes muhiti texnologiyalar tufayli juda tez o‘zgarib bormoqda. Misol uchun, 2023-yil so‘ngida “OpenAI'ning ChatGPT"si keng ommalashdi va bu biznes yuritish sohasiga ham kira boshladi. 2024-yil bahorgi semestrda oliygoh “Rahbarlar uchun generativ AI” (Generative AI For Leaders) kursi taklif eta boshladi.

xorijda ta'lim, aqsh, boston university

Foto: shaxsiy arxiv

Maslahatlar. Birinchi navbatda maqsadlarni aniq qo‘yish lozim. Tilni mukammal o‘rganish esa sizga ta’lim jarayoni hamda hayotda katta yordam beradi. Oliygoh tanlaganingizdan so‘ng hujjatlar yig‘ish jarayoniga e’tiborli bo‘ling: esseni sifatli yozishga harakat qiling. Amerika madaniyati va ta’lim uslubi biznikidan farq qiladi, bunga oldindan tayyor bo‘lish kerak. Eng muhimi, olgan bilimlaringizni keyinchalik qanday qo‘llashni oldindan rejalashtirib qo‘ying.