Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgani uchun “Coscom” (“Ucell” brendi) kompaniyasini jarimaga tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Muntazam ravishda reklama qonunchiligiga rioya qilish yuzasidan olib borilayotgan monitoring ishlarida mobil aloqa operatori tomonidan OAVda joylashtirilgan reklamalarda bo‘rttiruvchi ma’no ifodalanganligi aniqlandi.
Qo‘mita maxsus komissiyasi “Coscom” nisbatan “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilishi alomatlari bilan ish qo‘zg‘atdi. Natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan operatorga ko‘rsatma berildi. Maxsus komissiyaning bu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligi ta’kidlangan.
Avvalroq “Umra” xizmatlarini litsenziyasiz reklama qilgan 15ta turoperator jarimaga tortilgandi. Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi Kiberxavfsizlik markaziga litsenziyasiz reklama materiallari tarqatayotgan 10ta axborot resurslari bo‘yicha so‘rov yubordi.