Shveysariyaning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) tadbirkor Alisher Usmonovning 6,5 mln yevrodan ortiq qiymatidagi aktivlarining bir qismini blokdan chiqardi. Bu haqda “Tages-Anzeiger” gazetasiga tayanib “RBC” nashri xabar berdi.

Usmonovning advokati tushuntirishicha, mablag‘lar ajratilgan mulk tadbirkor yoki uning singlisiga emas, balki milliarder “ko‘p yillar oldin” asos solgan trastlarga tegishli ekan. “SECO” qarorida ta’kidlanishicha, bu trastlar Usmonov yoki uning singlisi tomonidan “to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita” nazorat qilinadi.

Nashrning qayd etishicha, istisno hollarda, masalan, cheklovlarga duchor bo‘lgan shaxslar qiyin ahvolda ekanligini bildirsa yoki mablag‘lar eski shartnomalarni bajarish uchun kerakligini isbotlasa, idora aktivlarni blokdan chiqarishi mumkin.

“Credit Suisse"dagi mablag‘larni blokdan chiqarish bo‘yicha “SECO"ga arizalar 2022-yilda Usmonov yoki uning singlisi bilan bog‘liq bir nechta firmalar manfaatlarini ifodalovchi Jeneva trast kompaniyasi tomonidan berilgan, deb yozadi nashr.

Gap Fransiyada ikkita vertolyotni saqlash va Angliyada ko‘chmas mulk uchun shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarni to‘lash haqida borardi. “SECO” mablag‘larni blokdan chiqarish to‘g‘risidagi qarorni sanksiyalar kiritilishidan oldin shartnomalar tuzilganligi, hisob-kitoblarni to‘lamaslik esa aktivlar qiymatining yo‘qolishiga olib kelishi mumkinligi bilan izohladi.

Qiymati 12 mln va 15 mln Shveysariya franki ($13 mln va $16 mln) bo‘lgan vertolyotlar Fransiyaning janubidagi Le-Kastel aerodromida joylashgan. Jeneva trast homiylari ma’lum qilishicha, havo kemalari va angarni saqlash bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida bir necha hisob-kitoblar taqdim etilgan.

Bundan tashqari, mahalliy kompaniya allaqachon vertolyotlardan birini musodara qilish bo‘yicha sud jarayonini boshlagan. Hisob-kitoblarni to‘lash uchun “SECO” qariyb 2,5 mln yevroni blokdan chiqarishga ruxsat berdi. Shuningdek, vertolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun oyiga taxminan 54 ming yevro miqdoridagi to‘lovlar ham tasdiqlandi.


Avvalroq “Spot” Germaniya prokuraturasi Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvish bo‘yicha tergovni to‘xtatgani haqida yozgandi.

Usmonovning advokatlariga ko‘ra, ikki yil davomida tergov tadbirkorga qarshi dalil topmagan va ayblovlarni isbotlay olmagan.