Germaniya mehnat bozori uchun og‘ir yuk mashinalari haydovchilari O‘zbekistonda tayyorlanadi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha agentlik hamda Germaniyaning “SBH West GmbH” va “Vatanparvar” tashkilotlari o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kelishuv doirasida 700 nafar yuk mashinalari, avtobus va lokomotiv haydovchi O‘zbekiston hududida nemis tiliga o‘qitilib, “Vatanparvar” tashkilotida kasbiy qayta tayyorlov kurslarida malaka oshiradi. Undan keyin esa Germaniyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga yuboriladi. Oylik maosh — 2400−2600 yevro.

Qayd etilishicha, bu ikki davlat migratsiya sohasida ilk bor amaliyotga joriy etilmoqda. Hozirda bir guruh tinglovchi onlayn darslarda ishtirok etmoqda. Yaqin kunlarda yana yangi guruhlar ochilishi va o‘qish boshlanishi kutilmoqda.

“SBH West GmbH” direktori Peter Niemann Germaniyada 80 mingga yaqin og‘ir yuk mashinalari haydovchilariga talab mavjudligini ta’kidladi. Kelishuv doirasida viza jarayonlaridan kelib chiqqan holda yiliga 500 nafar ishchi til va malaka kurslarida tayyorlanadi.

Bu bo‘yicha fuqarolar murojaatlari Migratsiya agentligining 1282, 71 202−33−55 (10/17) telefon raqamlari orqali qabul qilinadi.

Avvalroq Buyuk Britaniyaning “Pro-Force Limited” kompaniyasi orqali 3 mingga yaqin fuqarolarni ishga jalb qilishga kelishilgandi.