Valijon Solixov mamlakatda birinchilardan bo‘lib qadoqlangan pista va qurt ishlab chiqarishni boshlagan “Ermak” kompaniyasiga asos soldi. Bunga ham mana 30 yildan oshdi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtlarda urug‘ chaqish madaniyatsizlik hisoblanib, ularni qog‘oz xaltachalarda sotishgan, po‘chog‘ini esa yerga tupurishgan yoki tashlashgan. Biroq Valijon Solixov ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga jur’at etib, urug‘larning yangilangan shaklini joriy qildi va bu mahsulot xaridorgir bo‘la boshladi.

Tadbirkor qurt ishlab chiqarishni ham qayta ko‘rib chiqdi. Ilgari bu mahsulot zavod qadoqlamasiga ega bo‘lmagan va sanitariya me’yorlariga mos kelmaydi deb hisoblangan bo‘lsa-da, kompaniya birinchi bo‘lib uni qadoqlab, do‘konlarda sotishni yo‘lga qo‘ydi.

Bugungi kunda korxona barcha yo‘nalishlarda sezilarli darajada o‘sdi: assortimentda ayron, kurtoba, meva sharbatlari, yong‘oq ezmalari, marmelad va boshqa ko‘plab mahsulotlar mavjud. Kompaniya o‘z mahsulotlarini AQSh, Germaniya, Qozog‘iston, Isroil va boshqa mamlakatlarga eksport qilmoqda.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi qariyb 40 mln kishiga yetganiga qaramay, malakali mutaxassislar yetishmasligi muammosi jiddiy tus olmoqda. Uning fikricha, buning sabablaridan biri ta’lim va o‘qishga bo‘lgan qiziqishning pasayishidir, chunki bu odatlarsiz mamlakatni samarali rivojlantira oladigan mutaxassislarni tarbiyalash qiyin.

“Yosh avlodda mutolaa va o‘z-o‘zini rivojlantirishga muhabbat uyg‘otishning uddasidan chiqilsa, bu kelajakning yetuk mutaxassislarini shakllantirish uchun asos bo‘ladi. Ammo odamlar nima sababdan bilimga qiziqishini yo‘qotayotganini tushunib, uni o‘zgartirish yo‘llarini topganimizdan keyingina taraqqiyotga yordam beradigan kitoblar haqida gapirish ma’noga ega bo‘ladi”, — deydi Valijon Solixov.

Tadbirkorning fikricha, bolalikdan kitob o‘qishga muhabbat uyg‘otish muhim. Masalan, kuniga 10−15 daqiqadan birgalikdagi mutolaalarni muntazam ravishda o‘tkazish o‘qishga bo‘lgan quntni rivojlantirishga yordam beradi. Yoshligidan kitob o‘qishga o‘rgangan bolalar kitobni o‘z hayotining bir qismi sifatida qabul qiladilar.

Mutolaa va bilimga qiziqish tafakkurning rivojlanishiga yordam beradi, aqlni chiniqtiradi va ilmni yanada chuqurroq tushunishga yordam beradi. Bunday yondashuv shaxsning barqaror rivojlanishi va mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladigan avlodni shakllantirish uchun zamin yaratadi, dedi Valijon.


“Do‘st orttirish va odamlarga taʼsir o‘tkazish xususida”, Deyl Karnegi

Bu kitobga 40 yoshimda, “Ermak"ni endigina ishga tushirayotganimda ro‘para keldim. Ustozim SSSR xalq rassomi Rahim Ahmedovning uyida u kishiga baholash uchun olib kelingan suratni muhokama qildik. Bir payt u menga indamay kitobni uzatdi-da, o‘qib chiqishni taklif qildi. O‘qish davomida ustozim uni menga nima uchun berganini tushundim.

Asar o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshirishga yordam berib, odamlar bilan samarali muloqot qilish hamda ularga qanday ta’sir ko‘rsatishni o‘rgatadigan maslahatchi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, do‘stlar topishga, atrofdagilar bilan til topishishga yordam berib, ularni yumshoqlik bilan o‘z nuqtayi nazarlariga ishontiradi. Kitobdagi oddiy va amaliy maslahatlar muloqotni yengillatib, uni muvaffaqiyatliroq, hayotni esa yanada yorqin va uyg‘un qiladi.

Uni o‘qib, ko‘p narsani bilmasligimni tushundim. Maktab, universitetda bizni aniq fanlar va kasb-hunarga o‘rgatishgan, ammo hech kim bizga muloqot qilishni — odamlar bilan qanday gaplashishni, o‘zini qanday tutishni o‘rgatmagan.

Ishontirish qobiliyati biznesda asosiy ko‘nikmadir. Kitob boshlovchi tadbirkorlar uchun ham, tajribaga ega bo‘lganlari uchun ham foydali bo‘ladi. Ayniqsa, rahbarlar o‘z fikrlarini to‘g‘ri bayon eta olishi zarur. Masalan, vazifalarni berayotganda topshiriqni shunday yetkazish kerakki, xodim berilgan talabni tushunib, ularni xatosiz bajarsin.

ermak, kitob tavsiya, kitoblar tavsiyasi, ​valijon solixov


“Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf”, Saida Jo‘rayeva

Mazkur kitob 2002-yil o‘zbek tilida nashr qilingan bo‘lib, uni topish juda qiyin. Unda dunyoning eng mashhur faylasuflari tarjimayi hollari va iqtiboslari jamlangan bo‘lib, bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib qolayotgan dono fikrlar jamlangan.

Kitobda xilma-xil va ba’zan bir-biriga zid fikrlarni uchratish mumkin, ammo ularning har biri umumiy manzarani to‘ldirib, o‘ziga xos o‘ringa ega. Muntazam ravishda bu kitobga qaytib, savollarimga javob beradigan va ba’zi narsalarni chuqurroq tushunishga yordam beradigan satrlarni qayta o‘qiyman.

Fikrimcha, biz o‘qigan kitoblarimizni qaytadan mutolaa qilishimiz kerak: odam o‘zgaradi, fikrlashimiz o‘zgaradi, demak, kitobni qabul qilishimiz ham boshqacha bo‘ladi.

O‘ylaymanki, to‘plam yosh avlod uchun ham, katta yoshdagi o‘quvchilar uchun ham foydali bo‘ladi. Undagi g‘oyalar ilhomlantiradi, o‘ylashga majbur qiladi va ko‘p narsalarga yangicha qarashga yordam beradi.

ermak, kitob tavsiya, kitoblar tavsiyasi, ​valijon solixov


“Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi”, Stiven Kovi

Kitob shaxsiy rivojlanish, yetakchilikka fundamental yondashuvni taklif qiluvchi chuqur va ko‘p qirrali asar. Unda yozuvchi “sehrli tabletkalar"ni taklif qilmaydi. Aksincha, u asosiy odatlardan tortib, atrofdagilar bilan o‘zaro munosabatlargacha o‘z ustida ishlashga undaydi.

Muallif mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni, jamoada samarali ishlashni, ishonch va hurmatga sazovor bo‘lishni, shuningdek, karyerada o‘sishga erishishni o‘rgatadi.

Kitobdagi prinsiplar nafaqat ishda, balki shaxsiy hayotda — oila bilan munosabatlarda va bolalar tarbiyasida ham foydali ekan. Ular menga ishonchli munosabatlar o‘rnatish va har qanday hayotiy muammolarni samarali hal qilishda yordam berdi. Kitobning universalligi shundaki, u samarali ishlashga intilayotgan tadbirkorlar uchun ham, oilaviy munosabatlarni yaxshilashni xohlayotgan ota-onalar uchun ham mos keladi.

Motivatsiya shiorlari bilan qiziquvchi o‘zini o‘zi rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab kitoblardan farqli o‘laroq, Kovi qadriyatlarni shakllantirishga teranroq va ongli yondashuvni taklif qiladi. Menga bunday yondashuv juda yoqadi. Ko‘pchilik biznesmenlar o‘z bizneslarini boshlaganda faqat pul haqida o‘ylaydilar, shuning uchun kamdan kam hollarda haqiqiy muvaffaqiyatga erishadilar. Ha, bunday biznes katta aylanmaga ega bo‘lishi mumkin, ammo u ma’nan qashshoq bo‘ladi. Uzoq muddatli istiqbolda o‘z mahsuloti bilan odamlarga foyda keltirishga intilgan odamgina haqiqiy muvaffaqiyatga erishadi.

Bu fikrga darhol kelganim yo‘q. Ammo hozir kompaniyadagi barcha qarorlarni mijozlarimizga qanday foyda keltirishidan kelib chiqib qabul qilamiz.

ermak, kitob tavsiya, kitoblar tavsiyasi, ​valijon solixov


“O‘yla va boy bo‘l (Muvaffaqiyat sari yo‘l nimadan boshlanadi)”, Napoleon Xill

“O‘yla, g‘oliblikka erish, boy bo‘l” — bu, aslida, o‘z-o‘zini takomillashtirish bo‘yicha darslik bo‘lib, u yangicha harakat qilish, fikrlashga ilhomlantiradi. Kitob shuni ko‘rsatadiki, muvaffaqiyat o‘z istaklarini tushunish va fokusni ushlab turish qobiliyatidan boshlanadi.

Kitob qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun nafaqat muayyan harakatlar rejasi, balki intizom ham muhimligini tushunishimga yordam berdi. Xill ishonchning ahamiyati, aniq maqsadlarni qo‘yish va ularga erishish uchun reja ishlab chiqish qanchalik muhimligi haqida gapiradi. Shuningdek, u sizning qarashlaringiz, qadriyatlaringizni baham ko‘radigan to‘g‘ri odamlar bilan qurshalish muhimligini ta’kidlaydi. Kitob men uchun ham ilhom manbaiga aylandi: biznes va shaxsiy hayotimda qo‘llaydigan amaliy g‘oyalarimga asos bo‘ldi. Bu shuni ko‘rsatadiki, muvaffaqiyat tasodif emas, balki maqsad sari intilish va mashaqqatli mehnat natijasidir.

Asar hozirgi yoshlar uchun biroz eskirgandek tuyulishi mumkin, unda ilgari surilgan g‘oyalarning aksariyati allaqachon kundalik muvaffaqiyat falsafasining bir qismiga aylangan, ularning ko‘pchiligini shunga o‘xshash mavzudagi boshqa kitoblarda uchratish mumkin. Shunga qaramay, kitob dolzarb bo‘lib, motivatsion adabiyot qidirayotganlar uchun ajoyib ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

ermak, kitob tavsiya, kitoblar tavsiyasi, ​valijon solixov


“Asrlar hikmati: insoniyat tarixidagi 1000 ta eng muhim fikr”, Andrey Kolesnik

Kitobda Kolesnik inson tajribasi, falsafasi va donishmandligining asosiy jihatlarini aks ettiruvchi g‘oyalar va aforizmlar jamlanmasini to‘plagan. Bu avlodlar o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib, o‘tmishda odamlar dunyoni qanday tushunishganining mohiyatiga nazar tashlash imkonini beradi. Ajablanarlisi shundaki, yuzlab va minglab yillar oldin shakllangan fikrlar hozir ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Kitobga undagi har bir iqtibos odamni o‘ylantirishi, ta’sirlantirishi bilan taassurot uyg‘otdi. Masalan, “Bitta qaldirg‘och bahorni yaratmaydi” yoki “Tugatilgan ishlar yoqimli” kabi iqtiboslar dunyoga boshqacha qarashga ilhomlantiradi. Har kuni kitobni ochib, fikr tanlash va u haqida mulohaza yuritish mumkin.

Bu hayot, taqdir, axloq, adolat va boshqa ko‘p narsalar haqida ming yillik mulohazalar bo‘yicha o‘ziga xos yo‘lko‘rsatkichdir. Unda qadimgi yunon faylasuflaridan tortib, zamonaviy mutafakkirlargacha bo‘lgan kishilarning fikrlari jamlangan va bularning barchasi turli toifalarga tartiblangan.

Ushbu kitob o‘zini va dunyoni chuqurroq tushunishni, o‘tmish tajribasidan saboq olishni va mutafakkirlarning iqtiboslaridan ilhom olishni xohlovchilar uchun juda mos keladi. Bu fikrlar tahlili emas, balki to‘plam ekanligini hisobga olsak, u mulohaza yuritish uchun fikrning o‘zi yetarli bo‘lganlarga yoqishi mumkin. Axir kimgadir aniq mulohazalarni ko‘proq o‘qish yoqadi va bu narsa did bilan bog‘liq.