17-yanvar kuni paxta xomashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qo‘llashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan 2025-yil paxta hosilidan respublika tovar-xom ashyo birjasi 1-noyabr kuni (2025-yil hosili uchun 1-fevralda) paxta tolasining Nyu-York birjasidagi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi o‘rtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda kelgusi yil hosili uchun paxtaning boshlang‘ich narxini (birinchi nav, ikkinchi sinf) aniqlab, e’lon qiladi.

Paxta yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi (fyuchers, forvard va spot) shartnomalari birjaning paxta xomashyosi seksiyasida har bir hudud bo‘yicha alohida savdolarda tuziladi. Kelishuv mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar hamda paxtani qayta ishlovchi va ip-kalava ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida belgilanadi.

Xo‘jaliklar hamda qayta ishlovchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar tomonlarning erkin tanlovi asosida o‘tkaziladigan birja savdolari orqali rasmiylashtiriladi. Xo‘jaliklar yetkazib berish muddatlari hamda bir yoki bir nechta xaridorni mustaqil tanlashlari mumkin.

Barcha shartnomalar “Agroplatforma” bilan integratsiya qilingan ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida tuziladi.

Shuningdek, 2025-yil paxta hosilidan fyuchers shartnomalari amaldagi yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-iyunigacha birjada erkin shakllanadigan, biroq e’lon qilingan boshlang‘ich narxdan past bo‘lmagan narxda tuziladi.

Forvard shartnomalari esa 1-noyabrdan 1-martgacha o‘zaro kelishilgan narxlarda tuziladi. Shu bilan birga, spot shartnomalari real vaqt rejimida omborda saqlanayotgan paxta hajmi asosida kelishilgan narxda tuziladi.

Saqlash omborlari yoki ijara shartnomalari mavjud bo‘lmagan xo‘jaliklar o‘zi yetishtiradigan paxta xomashyosi bo‘yicha har hosil yilining 1-martigacha forvard yoki 1-iyunigacha fyuchers shartnomalari rasmiylashtiradi.

2025-yil hosilidan paxtani o‘z mablag‘lari va kreditlar asosida yetishtirib, birjada sotganlarga hisobvaraq-faktura qiymatining 10%i miqdorida subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, paxtani yetishtirish uchun olingan imtiyozli kreditlarni hosil yilining yakunigacha (31-dekabr) qaytarganlarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 4 foizlik punktini subsidiya sifatida qaytarib berish tartibi joriy etiladi.

O‘zbekistonning “oq oltini”

Prezident 2023-yilning dekabrida paxta yetishtirish tizimini isloh qilishni tasdiqlagandi. 2024-yilgi hosildan fermerlar o‘z hududidagi klasterdagi eng yuqori narx taklifi bilan fyuchers shartnomalarini tuza boshladi. Boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxidan kelib chiqib belgilanishi kerak edi.

2024-yilning sentabr oyida hukumat paxtaning minimal narxlarini belgiladi. Barcha birja shartnomalarida bir tonna uchun 6,8 mln so‘mni tashkil etdi. Tovar-xom ashyo birjasida bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi 7,8 mln so‘m etib belgilandi. Fermer va klasterlar paxtani jahon bozoridagi paxta tolasi kotirovkalaridan kelib chiqib bog‘langan mazkur narxdan pastroq sota olishmaydi.

Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning ta’kidlashicha, rasmiylar trend yuqori bo‘lgan yil boshidagi mavsumiy yuqori narxlarga e’tibor qaratishgan.

“Global Textile” to‘qimachilik klasteri rahbari Muzaffar Razakov O‘zbekistonda paxta tannarxining asosiy qismini qo‘l mehnati tashkil etishi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash katta sarmoyalarni talab qilishini qayd etdi.

Natijada, fermerlar to‘qimachilik klasterlaridan farqli o‘laroq, kombayn sotib olishga qurbi yetmaydi. Razakov mahalliy mahsulotlar tannarxini pasaytirish ustida ish olib borishga chaqirdi.

U, shuningdek, klasterlar fermerlarga paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar narxini pasaytirish uchun bosim o‘tkazayotgani haqidagi bayonotga qo‘shilmadi. Paxtachilik mutaxassislariga bosim o‘tkazish uchun to‘qimachilik vakillarida ma’muriy resurs yo‘q, deya tushuntirdi u.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta narxi tushirilishi hamda fermerlar majburlanayotganiga munosabat bildirib, 90%dan ortiq fermerlar kelishuvga asosan o‘z shartnomalarini qayta rasmiylashtirganini, subsidiyaga ega bo‘lib, paxta xom ashyosini umumiy qiymati 7 800 so‘mdan topshirayotganini ta’kidladi. Shartnoma tuzishga majburlash holatlarida anglashilmovchilik yuzaga kelgan.

2025-yilning 16-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida paxta yetishtirish va qayta ishlashda qo‘shimcha bozor mexanizmlari joriy qilinishi belgilangandi.