Bandlik vazirligi huzuridagi Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnat muhofazasi kolleji negizida kreativ sohalar klasteri tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning 17-yanvarda qabul qilingan aholini daromadli mehnat bilan ta’minlashga qaratilgan qarorida keltirilgan.
Vazirlikka klasterni xususiy investor ishtirokida 2025-yilning 1-dekabriga qadar ishga tushirish vazifasi topshirilgan. Loyiha qiymati $10 mlnni tashkil etadi.
Klasterda 32 turdagi kreativ soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha ekspress kurslar tashkil etiladi. Bular quyidagilar:
- brend-menejer;
- startap-menejer;
- raqamli marketolog;
- videograf-mobilograf ;
- animatsiya va grafik dizayneri;
- landshaft, interer va ishlab chiqarish dizayneri;
- modeler-dizayner;
- IT va boshqalar.
Shu bilan birga, 300 nafar tadbirkorning innovatsion va startap loyihalarini amalga oshirish orqali 1,8 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilmoqda.
Kreativ tadbirkorlikni boshlash va klaster ishtirokchilariga barcha zarur xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha yaxlit ekotizim yaratiladi. U o‘z ichiga o‘quv, malakani baholash hamda kovorking markazlarini, shuningdek, ofis maydonlari va ko‘rgazma zalini oladi.
Bundan tashqari, hujjat bilan Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryodagi 7 ta texnoparkda yoshlarni innovatsion tadbirkorlikka o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 3 485 nafar kambag‘al oilalar a’zolari jalb qilinadi. Topshiriq joriy yilning may-avgust oylarida amalga oshirilishi kerak.
“Inno X” biznes-inkubator dasturi doirasida 245 nafar kambag‘al oila a’zolarining startap loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga yordam beriladi.
Avvalroq O‘zbekiston BAA bilan “1 mln sun’iy intellekt foydalanuvchisi” dasturini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.