Prezidentning 17-yanvar kuni qabul qilingan qarori bilan 2025-yilda aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi hamda maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.

Dastur doirasida 5,2 mln aholini ish bilan band qilish hamda daromadli mehnat bilan ta’minlash maqsadida ayrim tashkilotlar mas’ul etib belgilandi.

Parrandachilikda kooperatsiya tizimida qushxonalar va muzlatkichli omborxonalar, mahsulotlar va chiqindilarni qayta ishlash, naslli jo‘jalar yetishtirish va parranda mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z ichiga olgan tayyor biznes loyihalari ishga tushiriladi. Loyiha 2025−2026 yillarda Namangan, Toshkent, Xorazm va boshqa viloyatlarda amalga oshiriladi.

Joriy yilning 1-iyulidan kambag‘al oilalar a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida subsidiya ajratiladi. Buning uchun “Ekofaol fuqaro” platformasiga o‘zi ekkan daraxti to‘g‘risida ma’lumotlar kiritish imkoni yaratiladi.

2025-yilda 20 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida sanoatbop, manzarali va mevali daraxt turlaridan iborat o‘rmonlar barpo etiladi. Ko‘chatxonalar tashkil etilib, dorivor o‘simliklar yetishtiriladi. Bu ishlarga kambag‘al oila a’zolari jalb qilinadi. Jami 100 gektar yer uchastkalarida pilot tarzida brussonetiya daraxti yetishtiriladi.

17-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari bilan tanishdi. Unda 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirilishi belgilandi.

Bandlik vaziri Botir Zohidovning qayd etishicha, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 496 ta kooperatsiya loyihalari tashkil etilib, aholi yuqori daromadli ekinlar ekishga jalb qilinadi.